BBC navigation

Janao‘zen fojeasi: nuqta qo‘yishga ertami?

Сўнгги янгиланиш 29 октябр 2012 - 12:41 GMT

Ayblanuvchilar uch yildan yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm etilgan

Qozog‘iston hukumati Janao‘zendagi to‘qnashuvlar haqidagi ish yopilganini e‘lon qilgan.

To‘qnashuvlarda qatnashgan 34 kishi va ularga qarata o‘q ochgan besh politsiyachi, shuningdek bir nechta mulozimlarga nisbatan hukm chiqarilgan.

Janao‘zendagi tartibsizliklarda qatnashgan ayblanuvchilarning aksariyati uch yildan yetti yilgacha qamoq jazosini olganlar.

Biroq, Qozog‘istonda ko‘pchilik Janao‘zen haqida barcha haqiqat aytilmay qolganiga ishonadi.

2011 yil 16-17 dekabr kunlari Janao‘zen shahri va Shetpa temir yo‘l stantsiyasida namoyishga chiqqan kishilarga qarata politsiya o‘t ochgan, natijada rasmiylarga ko‘ra, 16 kishi o‘ldirilgan, 100dan ortiq kishi yaralangan edi.

Neftchilar ish haqini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashni talab qilib uzoq muddatli ish tashlash e‘lon qilgan edilar.

Iqtisodi deyarli to‘liq neft eksportiga bog‘langan Qozog‘istonda "neftchilar qo‘zg‘oloni"ga aslida kim aybdorligi borasida hanuz javob axtariladi.

Kuzatuvchilar rasmiy xulosalar bilan kelishishga shoshilishmayapti.

Muxolifat esa hodisaga hukumatning to‘liq mas‘ulligini aytib, buning dalillari topilishiga va‘da berib keladi.

Siyqasi chiqqan bahs

Qozog‘istonni sovet davrlaridan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Nursulton Nazarboyevning fikricha , qonli voqealarga ishchilar va ish beruvchilarning oddiy tortishuvi sabab bo‘lgan.

Uning so‘zlariga qaraganda, mahkama jarayoni ochiq va haqqaniy tarzda o‘tgan.

"Bu butun dunyoda sodir bo‘lib turadigan ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi siyqasi chiqib ketgan tortishuv edi. Uni hal qilish mumkin edi, ammo o‘z maqsadlarini ko‘zlagan jinoiy guruhlar, ushbu to‘qnashuvni qon to‘kishgacha olib borishdi", - deb aytgan Nursulton Nazarboyev yaqinda Avstriyaga qilgan safari chog‘ida jurnalistlar bilan uchrashuvda.

"Istalgan matbuot vakili uchun mutloq ochiq, jamoatchilikka shaffof tergov o‘tkazilgan va adolatli mahkama o‘tkazildi. Jazoga tortilganlarning hammasi sodir etgan jinoyati uchun jazolangan, boshqa narsa uchun emas. Huquqni himoya qilish idoralarining xizmat vazifasini suiste‘mol qilgan va odamlarga qarata o‘q ochganlar ham jazolandi", - deb qo‘shimcha qilgan u.

"Muddati ko‘rsatilmagan jinoyat"

Qozog‘iston muxolifatining kam sonli vakillari Janao‘zenga dekabr voqealaridan oldin va keyin bir necha marta borishgan. Buning natijasida ro‘yxatga olinmagan "Alg‘a" partiyasining rahbari Vladimir Kozlov va yana ikki muxolifat a‘zosi ijtimoiy nizolarni qo‘zg‘ashda ayblanib, xalqaro huquni himoya qilish tashkilotlarining noroziliklariga qaramasdan, jazoga tortildi.

Kozlov yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi, hamkasblariga esa shartli jazo choralari berildi.

Mamlakatda Janao‘zen voqealarini o‘rganish bo‘yicha ishlayotgan mustaqil jamoatchilik komissiyasi a‘zolari mahkama chiqargan rasmiy xulosalarga qo‘shilishmaydi.

Ular "O‘ldirilganlar va yaralanganlarning rasman aniq soni mavjudmi? Kim otishga buyruq bergan edi? Tartibsizliklarni kim uyushtirgan? kabi savollarga javob topishni istashadi.

"Hukumat aybdorlarni boshqa joydan qidirishni ma‘qul topdi", - deydi muxolifatdagi siyosatchi Bolat Abilov. U o‘zi ishtirokchisi bo‘lgan komissiya Janao‘zen fojeasida hukumatning aybini topib aytishiga ishonadi.

"Janao‘zen va Shetpada tinch fuqarolarning otilishi - muddati ko‘rsatilmagan jinoyatdir", - deydi janob Abilov.

Guljan.org saytining boshlig‘i Guljan Yergaliyevaning so‘zlashicha, mustaqil tekshiruv davomida "shunday taxmin paydo bo‘ladiki, Mangistaudagi fojea oldindan Ostonadagi yuqori idora xonalari rejalashtirilgandek"

Kirish va chiqish

Kuzatuvchilar Janao‘zendagi voqealarni Qozog‘istonda oxirgi paytda qilingan kadr o‘zgartirishlari bilan bog‘lashadi.

Mamlakatda nufuzli kishilardan bo‘lgan prezidentning Ishlar boshqarmasi rahbari Aslon Musinning xizmat vazifasidan olinishi bekorga emas, deyishadi ular.

Yaqinda esa Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida Aslon Musinning mamlakatdan qochib ketgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Mamlakat Hisob qo‘mitasi rasmiylari esa Aslan Musin mehnat ta‘tili bilan Olmonida ekanligi va u yerda shifokorlik tekshiruvidan o‘tayotganligini ma‘lum qilishgan

Ayni paytda xorijiy kuzatuvchilarning Janao‘zen joylashgan Qozog‘istonning g‘arbiga kirishlari qiyinlashgan.

Janao‘zen neftchilarining mahkama jarayonida qatnashishni istagan Yevroparlament deputati Pol Merfiga kirish vizasi berilmagan.

"Bu keng tarqalgan usul. Vizani sababni tushuntirmasdan berilmasligi boshqa davlatlarda ham uchrab turadi", - deydi BBC bilan suhbatda Qozog‘iston Tashqi ishlar vakili Ilyos Umarov.

Himoyachilarga ko‘ra, Aleksandr Bojenko haqiqatni ayta boshlagani uchun o‘ldirilgan

Muhim guvohning o‘ldirilishi

Janao‘zenda neftchilar ustidan kechgan mahkama jarayonidagi guvohlardan bo‘lgan Aleksand Bojenko o‘ldirib ketilgan.

20 yoshli Bojenko bolalar uyida tarbiyalanadi, ulg‘aygach, qozoq oilasi qaramog‘iga oladi va islomni qabul qiladi.

To‘qnashuvlardan ikki kun o‘tib hibsga olingan Bojenko o‘zining qiynoqlarga tutilganini aytgan.

Aprel oyidagi mahkama jarayonida uni telekonferentsiya tarzida boshqa nom ostida so‘roq qilingan.

Sudlanuvchilardan biri uni taniganidan so‘ng, u o‘zini tanishtirib yig‘lab yuboradi.

Ikki kundan keyin guvoh sifatida qatnashgan Bojenko neftchilardan qiynoqlar ostida ko‘rsatmalar olinganini aytadi.

Muxolifatning K+ kanali savollariga javob bergan Bojenko o‘zining ko‘rsatmalarini Alloh oldida vijdoni toza bo‘lishi uchun o‘zgartirgani, haqiqatni aytganini bildiradi.

Himoyachi Galima Ageleuvaning aytishicha, mahkamadan keyin Bojenkoga huquqni himoya qilish xodimlari tomonidan tahdid qilinadi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, oxirgi paytlarda u cho‘lga chiqib ketib yashirinib yurgan.

"Uning o‘limi mahkama jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi haqida asoslar bor. Chunki u haqiqatni ayta boshlagan edi. Bizning mamlakatda haqiqatni aytish xavfli bo‘lib qoldi", - degan Ageleulova xonim BBCga.

Aleksandr Bojenko qattiq kaltaklangan, u olgan og‘ir jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etadi. Ikki gumon qilingan shaxs qo‘lga olinadi.

Mangistau viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, Bojenkoning o‘limi mahkama jarayoniga bog‘liq emas, oddiy bezorilik natijasidir.

Aleksandr Bojenkoning xotirasi uchun Qozog‘istonda va xorij shaharlarida ham norozilik aktsiyalari bo‘lib o‘tgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.