BBC navigation

Braziliya 2014: O‘zbekiston 1- 0 Qatar

Сўнгги янгиланиш 16 октябр 2012 - 15:54 GMT

O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatining final bosqichiga chiqish chiqmasligini hal qiluvchi muhim uchrashuv o‘zbekistonlik futbolchilar foydasiga hal bo‘ldi.

O‘zbekiston safarda, Dohaning "As-Saad" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbon qatarlik raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

To‘rtta o‘yindan 5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston "A" gurhida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

O‘zbekiston navbatdagi uchrashuvini mehmonda 14 noyabr kuni Eronga qarshi o‘tkazadi.

O‘zbekiston Qatarga qarshi o‘yinda 15-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston uchun hal qiluvchi ushbu uchrashuvda Sanjar Tursunov hozircha yagona to‘pning muallifiga aylandi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan kechki 17.25 da Dohaning "As-Saad" stadionida boshlangandi.

Bundan avvalgi uch uchrashuvini bir mag‘lubiyat va ikki durang bilan yakunlagan jamoa tarixda ilk bor o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishmoqchi bo‘lsa, Qatarga qarshi o‘yinda, albatta, g‘alaba qozonishi shart edi.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarini Eronga qarshi o‘z maydonlarida mag‘lubiyat bilan boshlagan o‘zbekistonlik futbolchilar orada Livan va Janubiy Koreya bilan durang natija qayd etishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu kabi hal qiluvchi bosqichda uch o‘yindan bor-yo‘g‘i 2 ochko to‘plab, o‘z guruhida besh milliy terma jamoa orasidan eng so‘nggi o‘rinni egallab turgandi.

"A" guruhida peshqadamlik qilayotgan Janubiy Koreya hisobida esa, 7 ochko bor.

Undan keyingi o‘rinlarni egallagan Eron, Qatar va Livan milliy terma jamoalarining har biri 4 ochkodan to‘plashga muvaffaq bo‘lishgan.

Bu bosqichda o‘z guruhida dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy terma jamoa esa, 2014 yilgi Jahon chempionatining final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ladi.

Imkoniyat

Osiyo qit‘asiga ja‘mi 4.5 o‘rin ajratilgan bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida 10 milliy terma jamoa kurash olib borishmoqda.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev bizga bergan so‘nggi suhbatida uchinchi tur bellashuvlarida Eronning Livanga yutqazib qo‘yishi sabab, O‘zbekistonda haliyam ikkita yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritish imkoniyati borligini ta‘kidlagandi.

Sharhlovchiga ko‘ra, hammasi Qatar va Eronga qarshi o‘yinda jamoaning qanday o‘yin ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘ladi.

Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, bundan keyingi o‘yinlarda o‘zbekistonlik futbolchilarga faqat g‘alaba lozim.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qatarga qarshi muhim uchrashuvi ertaga Toshkent vaqti bilan soat 17:25 da Dohada boshlanadi.

Ikkovlon bundan avval Osiyo Kubogi va Jahon chempionatlarining saralash bosqich bellashuvlari doirasida bir-birlariga qarshi bir necha bor maydonga tushishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ja‘mi 8 uchrashuvdan to‘rttasini g‘alaba, qolganlarini ikki durang va ikki mag‘lubiyat bilan yakunlagan.

Kelasi yil mart oyiga qadar esa, o‘zbekistonlik futbolchilar Eron, Livan, Janubiy Koreya va Qatarga qarshi yana to‘rt bor maydonga tushishlari lozim bo‘ladi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston 2014 yilgi Jahon chempionatining so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida ishtirok etayotgan yagona Markaziy Osiyo davlatidir.

----------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.