BBC navigation

Janao‘zen hodisalari bo‘yicha yolg‘on ko‘rsatma berganini tan olgan guvoh halok bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 15 октябр 2012 - 15:42 GMT

Janao‘zen voqealari bo‘yicha mahkamaga tortilganlarning aksari tergov paytida qiynoqqa solinganliklarini da‘vo qilgan

Janao‘zendagi ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha mahkamada bosim ostida yolg‘on guvohlik berganiga iqror bo‘lgan guvoh Aleksandr Bojenko halok bo‘lgan.

Huquq himoyachilari uning o‘ldirib ketilganini da‘vo qilishmoqda.

Lekin kim tomonidan va qanday hujum bo‘lganligi tafsilotlari hozircha noma‘lum.

Rasmiylar ushbu hodisa haiqda hozircha biron izoh bermagnalar.

Janob Bojenko jismoniy bosimlar ostida yolg‘on ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytgan va mahkama jarayonida ushbu ko‘rsatmalaridan voz kechgan edi.

Ayni damda bir guruh qozog‘istonliklar Janao‘zen hodisasi bo‘yicha sudlangan 37 neftchi ustidan mahkama qiynoqlar ostida o‘tgani va o‘z isbotini topmaganini aytib Bosh Prokuraturaga maktub bilan chiqqanlar.

"Liberti" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuovning aytishicha, mahkamada neftchilarning foydasiga qayta guvohlik bergan Aleksandr Bojenkoga hujum bo‘lgan va hujum natijasida Aleksandr hayotdan ko‘z yumgan.

Bu haqda Liberti prezidentiga Janao‘zen hodisalari bo‘yicha sudlanganlarning yaqinlari ma‘lum qilgan.

"Aleksandr juda ham muhim guvoh edi. Chunki u avvaliga anonim ravishda Ichki ishlar boshqarmasi binosidan guvohlik bergan va keyinchalik u yerdan qo‘rqmasdan kelib ko‘rsatma bergan guvoh edi. Aynan Bojenko huquq tartibot organlari guvohlar bilan qanday ishlaganini fosh qilgan shaxs edi", - deydi Galim Ageleuov.

Aleksandr Bojenko mahkama jarayonida bosim va jismoniy qiynoqlar ostida neftchilarga qarshi yolg‘on guvohlik berganini tan olgan.

U 24 aprel kuni Aqtay shahar ichki ishlar boshqarmasi binosidan Qayrat Alpisbayev nomi ostida guvohlik bergandi.

O‘shanda sudlanuvchilardan biri uni ovozidan tanib qolgan va uni to‘g‘risini aytishdan qo‘rqmaslikka chaqirgan edi.

O‘shanda Aleksandr yig‘lab rostdan ham Bojenko ekanligini va neftchilarga qarshi ko‘rsatmalarni bosim ostida berayotganini tan olgandi.

Ikki kundan keyin mahkamaga kelgan Aleksandr Bojenko yolg‘on ko‘rsatma berish uchun unga nisbatan qanday jismoniy bosimlar bo‘lgani va boshqa guvohlarning qanday tayyorlangani haqida so‘zlab bergan edi.

Aleksandr Bojenko Janao‘zendagi Bolalar uyi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan va 18 yoshdan keyin o‘zi mustaqil hayot kechirgan.

Bugun bir guruh qozog‘istonliklar Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga murojaat bilan chiqqan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali tashkillashtirilgan ushbu maktubga hozircha 50dan ortiq odam imzo chekkan.

Maktubda yozilishicha, tergov jarayonida sudlanuvchilar qiynoqlarga solingan, tahdid qilingan.

Mahkama tortilgan 37 ayblanuvchining 29 tasi o‘zlariga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini aytgan. Bundan tashqari anonimlari ham bor bo‘lgan ko‘plab guvohlar tergov jarayonida bergan guvohliklaridan voz kechgan.

Maktub tashabbuskorlari Bosh prokuraturadan ushbu jihatlarni e‘tiborga olgan holda 37 ta janao‘zenlik neftchining ishini qaytadan ko‘rib, noqonuniy sudlanganlarni ozodlikka chiqarishni so‘ragan.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.