BBC navigation

Turkiya Suriya hududlarini nishonga olmoqda

Сўнгги янгиланиш 4 октябр 2012 - 13:30 GMT

Kecha Suriya tarafidan otilgan snaryadlar 5 Turkiya fuqarosining umriga zomin bo‘ldi

Turkiya artilleriyasi Suriyadagi nishonlarga qarata o‘t ochishni boshlagan.

Bunga chorshanba kuni Suriya hududidan otilgan snaryadlar 5 Turkiya fuqarosining umriga zomin bo‘lishi sabab bo‘lgan.

Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhining aytishicha, Turkiya tarafidan uyushtirilgan hujumlar bois qator Suriya askarlari halok bo‘lishgan.

Suriya hukumati kuchlari chorshanba kuni Turkiyaning chegara shaharchasi Akchakalaga snaryad yog‘dirishgan.

Xabar qilinishicha, o‘lganlar orasida bir ayol va 3 go‘dak ham bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi kechroq to‘planib, Suriyaning hatti-harakatlarini qoralashi kutilmoqda.

Turkiya 18 oy muqaddam beqarorliklar boshlanganidan beri Suriya hududini ilk bor nishonga olmoqda.

Ayni paytda Turkiya hukumati BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilgan va Suriya "tajovuzi"ni to‘xtatish uchun "zaruriy amal"ga qo‘l urishni so‘ragan.

Turkiya talabi bilan Bryusselda favqulodda yig‘in o‘tkazgan NATO rasmiylari ham Suriyaning amallarini qoralashgan.

NATO "Turkiyani dastaklashda davom etishi va o‘z ittifoqdoshiga qarshi bunday tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishni" talab qiluvchi bayonot chiqargan. NATO, shuningdek, Suriya hukumatini "xalqaro qonunlarga zid" dahshatli amallariga chek qo‘yishga undagan.

BBC muxbirining xabar qilishicha, NATO vakillari Turkiyaning og‘ir-bosiq javobini qadrlashini bildirishgan. Turkiya 1952 yildan beri NATO bloki a‘zosi hisoblanadi.

Ayni paytda Turkiya matbuoti Anqara hukumati parlamentdan chegaraosha harbiy amaliyotlarni ma‘qullashini so‘rashi kutilayotgani haqida xabar qilgan.

O‘tmishda Turkiya qurolli qo‘shinlari kurd jangarilarini ta‘qib qilish uchun Iroq shimoliga olib kirilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.