BBC navigation

Gurjistonda demokratiya g‘alaba qildimi?

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2012 - 12:22 GMT

Saylovdan keyin Gurjiston qayerga yo‘l oladi?

Gurjistonda parlament saylovi xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, garchand bir necha kamchiliklar bilan kechgan esa ham umumiyatla "asosiy ozodlik tamoyillariga sog‘lom munosabat" mavjudligini namoyon etgan.

"Saylov kampaniyasi qarama-qarshilik va qutblashgan, o‘zaro keskin aytishuvlar va kamchiliklar bilan kechdi, ammo Gurjiston xalqi o‘z tanlovini erkin fazoda ko‘rsatdi", deb aytgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari rahbari Tonino Pikul.

Saylov komissiyasining so‘nggi ma‘lumotlariga qaraganda, hozirga qadar saylov uchastkalaridagi 95 foiz ovozlar hisoblab bo‘lingan.

Bidzina Ivanishvilining "Gurjiston orzusi" atalmish muxolifat bloki saylovda 55 foizdan, Milliy Harakat esa 40 foizdan ko‘proq ovoz olgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Ovroparlament va NATOning parlamentlar assambleyasi chiqargan bayonotda saylov jarayonida asosiy muammolar qishloq joylarida ro‘y bergani aytilgan.

"Markaziy Saylov komissiyasi bir necha saylov uchastkalaridagi ovoz berish natijalarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda", deyiladi bayonotda.

Oq Uy vakili Jey Karni Gurjistondagi saylovni "demokratiyaning yana bir odim otishi" deb baholagan.

AQSh Davlat departamentidagilar shuningdek, Prezident Saakashvilini "muxolifatga madaniy bir shaklda" yo‘l berganini urg‘ulashgan.

Ivanishvili Moskva "nog‘orasiga" o‘ynaydimi?

Ivanishvili bilan Moskva orzusi ro‘yobga chiqmasligi mumkin

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev saylov yakunlarini "Gurjistondagilar o‘zgarishlar istashayotganidan darak beradi", deb izohlagan.

Uning aytishicha, agar saylov natijalari hayot haqiqatiga aylansa, unda Gurjistondagi siyosiy fazo rangbarangroq bo‘ladi.

Bidzina Ivanishvili 2011 yilga qadar Rossiya fuqarosi bo‘lgan va o‘z boyligini bu mamlakatda to‘plagan.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, Ivanishvili g‘alabasi Tbilisi va Moskva o‘rtasidagi qarama-qarshilikni biroz yumshatgani bilan bu ikki mamlakat "apoq-chapoq" bo‘lishiga hali erta.

Gurjiston muxolifati garchand Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash haqida gapirayotgan bo‘lsa ham mamlakatning NATOga a‘zo bo‘lish orzusida sobit qolayotir.

Buning ustiga Rossiya tomonidan Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqil deb tan olinishi Tbilisidagi aksariyat siyosatchilar va yo siyosat bilan shug‘ullanishga bel bog‘laganlar uchun baribir og‘riqli nuqta bo‘lib qolaveradi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.