BBC navigation

Ucell egasi TeliaSonera O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun prezident oilasiga yaqin shaxsga millionlab dollar to‘lagan

Сўнгги янгиланиш 20 сентябр 2012 - 13:28 GMT

Shvetsiya televideniyesida 19 sentyabr kuni "Vazifa: Tekshirish" nomi ostida hujjatli film efirga uzatiladi.

Ushbu filmda O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan ayolga TeliaSonera shirkati millionlab dollar to‘lagani da‘vo qilingan.

Shuningdek, go‘yoki ayni ayol Shvetsiya rasmiylari tomonidan noqonunuiy pullarni qonunlashtirish borasida ochilgan yirik tekshiruv jarayoni markazida hamdir.

Filmda aytilishicha, Shvetsiya hukumati eng yirik hissadori bo‘lgan TeliaSonera shirkati 2007 yili O‘zbekistonda biznes boshlagan vaqti "mahalliy hamkor" bilan aloqa o‘rnatgan.

Shirkat O‘zbekistonda 3G mobil telefon aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat olish evaziga Gibraltarda qayd qilingan Takilant Ltd shirkatiga 320 million dollarga teng pul o‘tkazgan.

Film mualliflarining tadqiqotlari shuni ko‘rsatganki, Takilant Ltd ning egasi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan ayoldir.

Filmda ta‘kidlanishicha, Shvetsiya rasmiylari 2012 yil iyul oyida Jenevadagi Lombard Odier bankida Gulnora Karimovaga yaqin ikki shaxsning hibsga olinishi ortidan jinoiiy ish ochganlar.

Takilant Ltdning egasi ham huddi ana shu jinoiy ish markazida bo‘lgan shaxs ekan.

Aytilishicha, ushbu jinoiy ish boshlanishi bilan Gulnora Karimovaga tegishli, deya taxmin qilingan bank hisoblari muzlatib qo‘yilgan.

Film mualliflari TeliaSonera rasmiylarini nima uchun litsenziyalar sotilishi qonunga qarshi bo‘lishiga qaramay ushbu amalga qo‘l urganligi haqida savolga tutgan. Shirkat rasmiylari bu kabi jarayon normal holat ekanligini bildirishgan.

TeliaSonera ning ta‘kidlashicha, mahalliy hamkor Takilant Ltd bilan uning egasi bo‘lgan ayol orqali ish yuritishdan avval ularni sinchikovlik bilan tekshirganlar va ularning Karimovlar oilasiga hech qanday aloqalari yo‘qligini aniqlashgan.

Jurnalist tadqiqotchilar Takilant Ltd moliyalarini tekshirgan vaqtlari, TeliaSonera to‘lagan pullardan hech vaqo qolmaganligini ko‘rganlar.

Yirik xalqaro iqtsiodiy jinoyatlar bo‘yicha mutaxassis Lars Hammarning film mualliflariga aytishicha, bu kabi oldi-berdi albatta xavotirga solishi kerak.

"Pullar Prezidentning qiziga borib yetganga o‘xshab ko‘rinyapti. Har bir shved bu ish ochiq-oydin kelishuv emasligini ko‘ra oladi", deydi Lars Hammar.

Film mualliflari TeliaSonera vakilini Takilant Ltd va uning egasi Shvetsariyadagi yirik jinoiy ish markazida turibdi, ushbu shirkatga pul to‘lgan shirkat sifatida sizning shirkatingiz ham tekshiruvchilar e‘tiborini o‘ziga tortgan, siz Gulnora Karimova yo o‘zbek hukumatiga pora berganmisiz, deya savolga tutganlar.

TeliaSonera vakili "biz O‘zbekistondagi hamma qonun-qoidalarga muvofiq ish tutib, mobil telefon xizmati uchun litsenziya olishga erishganmiz" qabilida javob bergan.

Bir necha oy avval esa shved matbuotida O‘zbekistonda Usell sho‘‘ba korxonasiga ega Shvetsiyaning eng yirik telekommunikatsiya shirkati TeliaSonera ni O‘zbekiston doxil qator sobiq sovet davlatlarining maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishi haqida ayblovlar paydo bo‘lgandi.

Shvetsiyaning TT xabar agentligiga ko‘ra, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Belarusda josuslik xizmatlari ovoz yozuvchi jihozlarni joylashtirishda TeliaSonera tarmog‘idan foydalanishmoqda.

Xabarda aytilishicha, SORM yoki Tezkor Tekshiruv Ishlari Tizimi, jumladan, O‘zbekiston rasmiylariga Shvetsiyaning telekommunikatsiya tizimiga to‘la va uzluksiz bog‘lanish imkonini beradi.

Bu tizim vositasida ular abonentlarning qo‘ng‘iroqlari, data va SMS larini nazorat qila oladilar.

Shved xabar agentligining yozishicha, TeliaSonera abonentlarining telefon muloqotlarini tinglash yo‘li bilan bir necha hibsga olishlar amalga oshirilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.