BBC navigation

MTS: "Mahkama hukmi adolatsiz..."

Сўнгги янгиланиш 18 сентябр 2012 - 13:22 GMT

MTS shirkati mahkama hukmi adolatsiz, degan fikrda

MTS shirkatining bildirishicha, xodimlariga qarshi ilgari surilgan ayblovlar ham tergov va ham mahkama jarayonida o‘z isbotini topmagani uchun Toshkent shahar mahkamasi chiqargan hukm adolatsiz, degan fikrdalar.

Shirkat Matbuot xizmati rahbari Valeriya Kuzьmenko buning sababini har ikki jarayonning ham bir tomonlama, o‘zlarining ishtiroklarisiz o‘tkazilganligi bilan izohlaydi.

"MTSga qarshi mahkama jarayoni uning ishtirokisiz olib borildi. MTS mahkama jarayonida o‘z qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya etish imkoniga ega bo‘lmadi. Lekin, shunga qaramay, mahkama "Uzdunrobita" hissalarini davlat hisobiga o‘tkazish haqida ajrim chiqardi", deydi u.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha mahkamasi kecha shirkatning shu‘ba korxonasi sanalgan "Uzdunrobita"ning to‘rt xodimini uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm etgandi.

Shirkatning moliyaviy ishlar bo‘yicha Bosh direktor birinchi o‘rinbosari Temurmalik Olimov, korporativ rivojlantirish dasturlari direktori Azizillo Mirzamoydinov, xavfsizlik departamenti direktori Alisher Muhammedov va axborot texnologiyalari bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari Aziz Rahimovlar moliyaviy jinoyatlar va noqonuniy daromadni o‘zlashtirish maqsadida jinoiy guruh tuzganlikda ayblanishgandi.

Shirkat Matbuot xizmati rahbarining bildirishicha, "ushbu jarayon doirasida muayyan mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlariga yetkazilgan barcha ziyonni undirib olish uchun O‘zbekiston va xalqaro miqyosda barcha vositalarni ishga solish huquqidan to‘laqonli foydalanishlari mumkin".

"Hozir biz buning uchun barcha imkoniyatlarni o‘rganib chiqayapmiz", deydi u.

Valeriya Kuzьmenko xonim mahkama hukmidan shikoyat arizasi bilan chiqish masalasida joriy paytda aniq bir narsa deya olmasligi, ammo bu masalani ham ko‘rib chiqayotganliklarini bildirdi.

Tarixcha o‘rnida

"O‘zdunrobita" shirkati xodimlari shu yil iyun oyida hibsga olinishgan va mahkama ishi avgust oyi oxirlarida boshlangandi.

Buning ortidan MTS shirkati O‘zbek hukumatini xalqaro mahkamaga tortish tahdidi bilan ham chiqqandi.

Shirkat o‘ziga qarshi ayblarni bekor qilmasa, O‘zbekistonga qarshi Rossiya va AQSh hukumatlaridan ham siyosiy vosita sifatida foydalanish niyatida ekanini bayon qilgandi.

O‘zbek hukumati MTSga qarshi qator iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha ish qo‘zg‘agandi.

Buning natijasida mamlakatdagi eng yirik qo‘l telefoni shirkati faoliyati to‘xtab, millionlab odamlar telefon aloqasidan mahrum qolishgandi.

MTSning O‘zbekistondagi "Uzdunrobita" shirkatida ishlagan qator rahbar xodimlar hibsga olingan, shirkat mulklari muzlatilgan hamda faoliyat yuritishga oid barcha ruxsatnomalari bekor qilingandi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, bularning barchasi oqibatida MTS shirkati 1 milliard AQSh dollaridan ko‘proq yo‘qotishga uchragan.

MTS o‘ziga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlarni rad etib kelayotgandi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritgan ko‘plab xorijiy shirkatlar bu mamlakatda tijorat yuritish o‘ta qiyinligini, korruptsiya avjiga chiqqanini va xususiy mulk hamda tijoratlarga hech qanday kafolat berilmasligini aytishadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.