BBC navigation

O‘zbekistonlik nasroniy ruhoniy Qozog‘istonda hibsda qolmoqda

Сўнгги янгиланиш 18 сентябр 2012 - 13:51 GMT

O‘zbekistondagi xona cherkovlarining pastorlaridan biri Qozog‘istonda qamoqda qolmoqda.

Makset Jabbarberganovning ishini Oliy mahkama ko‘rishi va uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish-qilmaslikka doir qaror berishi kerak.

Bu ruhoniy O‘zbekistondagi ta‘qiblardan qochib kelganini aytmoqda.

32 yoshli Makset Jabbarberganov 5 sentyabr kuni Olma ota shahrida hibsga olingan.

BBCning Olma otadagi idorasidan Abdujalil Abdurasulovning aytishicha, Makset Jabbarberganov Qozog‘istonga 2007 yil qochib o‘tgan.

"Makset Jabbarberganov nasroniy dinining protestant oqimiga mansub. U Nukus shahrida xuddi shu jamoatga rahbarlik qilgan. Jabbarberganovni 2007 yil Nukus shahrida noqonuniy diniy yig‘inlar o‘tkazishda ayblab hibsga olishgan, ammo ko‘p o‘tmay u qo‘yib yuborilgan. Va ana shu hodisadan so‘ng u Qozog‘istonga qochib kelgan", deydi Abdujalil Abdurasulov.

Aytilishicha, Jabbarberganov Qozog‘istonda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligidan siyosiy qochqin maqomini olgan.

Biroq, 2010 yil 21 aprelidan Qozog‘iston hukumati bilan BMT Qochqinlar agentligi o‘rtasidagi bitim kuchga kirib, mas‘uliyat to‘la Qozoq rasmiylari ixtiyoriga o‘tishi ortidan Jabbarberganovning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va uning qochqinlik maqomi bekor qilingan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Qozog‘istondan Makset Jabbarberganovni qaytarishni talab qilgan.

"Aytib ketilganidek, unga noqonuniy diniy yig‘inlar o‘tkazish va noqonuniy diniy adabiyotlardan foydalanish ayblovlari qo‘yilgan. 7-sentyabr kuni Makset Jabbarberganovni 40 kungacha qamoqda ushlab turishga oid buyruq berilgan. Mana shu 40 ichida Bosh prokratura uni ekstraditsiya qilish-qilmaslikka doir qaror chiqarishi kerak", deydi Abdujalil Abdurasulov.

Mintaqadagi ayrim axborot vositalari Makset Jabbarberganovning hibsga olinishini Prezident Islom Karimovning Qozog‘istonga safari bilan bog‘lashgan.

Hozirgi paytda Qoraqalpog‘istonda protestant cherkovi rasman ro‘yxatdan o‘tmagan va ular noqonuniy hisoblanadi.

"Qozog‘iston qochqinlar uchun xatarli joymi?"

2010 yil aprelidan beri yaqin xorijdan Qozog‘istonga borgan qochqinlar masalasi bilan bevosita Qozog‘iston hukumati shug‘ullanadi.

O‘zbekiston kabi davlatlardan Qozog‘istonga boshpana izlab boruvchilar besh kun davomida Qozog‘iston Mehnat vazirligiga qarashli Migratsiya departamentiga murojaat qilishlari shart bo‘ladi.

Respublika migratsion xizmati lozim deb topilgan odamlarga qochqin maqomi beradi. BMT esa bu yerda faqatgina kuzatuvchi va maslahat beruvchi rolni bajaradi.

Bungacha BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi yaqin xorijdan mamlakatga kelgan qochqinlarga boshpana izlovchi degan hujjat berar va mana shu hujjat qochqinlarga Qozog‘istonda erkin yurish huquqini bergan.

O‘zbekiston hukumati tomonidan qidiruv e‘lon qilingan shaxslar ham mana shu sertifikat kuchi bilan ortga qaytarib yuborilmagan.

Ammo, yangi qabul qilingan qonun bo‘yicha ushbu sertifikatlar o‘z kuchini yo‘qotarkan, Qozog‘iston hukumati qidiruvdagi odamlarni ortga qaytarib yuborishi mumkin bo‘lib qolgan.

2010 yilning iyun oyida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining so‘roviga asosan 29 nafar boshpana izlovchini hibsga olgandi. Bir yillik hibsdan so‘ng 2011 yilning 9 iyun kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ularni Toshkentga ekstraditsiya qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ularga qarshi "diniy ekstremistik tashkilotlarga a‘zolik va konstitutsion tuzumga tajovuz qilish qilish" kabi ayblarni ilgari surgan va ularning barchalari turli muddatga ozodlikdan mahrum etilganlar.

Shu bois, kuzatuvchilar Qozog‘iston o‘zbekistonlik qochqinlar uchun xavfsiz joy bo‘lmay qolganini urg‘ulashadi.

Yaqinda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi 2011 yili Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan qochqinlarni ortga qaytarish va ularga tovon puli to‘lash talabi bilan chiqqandi.

Qo‘mita mahbuslarga nisbatan qiynoqlar muntazam qo‘llaniluvchi O‘zbekistonga boshpana izlovchilarning qaytarilishini ham qoralagandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.