BBC navigation

Prezident Berdimuhammedov turkmanlarni yana "Ruhnoma"ni o‘qishga da‘vat qilmoqda

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 13:06 GMT

So‘nggi qadam Berdimuhammedovning islohotlari cheklanganini ko‘rsatadi.

Butun Turkmaniston bo‘ylab "Ruhnoma" kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tgan.

Prezident Berdimuhammedov "Ruhnoma"ning turkman jamiyatining rivoji va Turkmanistonning kelajagi uchun ahamiyati beqiyos ekanini ta‘kidlagan.

"Bugun, - degan u, Turkman davlatining oltin davrida "Ruhnoma" jamiyatimizning o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanishi, unda turkman xalqining insoniylik va tinchlikparvarlik kabi azaliy qadrichyatlarining qaror topishi va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi", - degan Turkmaniston rahbari.

"Muqaddas kitob"

Turkman tarixi, xalq og‘zaki ijodi, ma‘naviy qadriyatlari va marhum Prezident Saparmurod Niyozovning tarjimai holi qorishmasi bo‘lgan "Ruhnoma bashoratomuz uslubda yozilgan.

Kitobda turkmanlar 5 ming yillik tarixga ega, 70 ta davlat va imperiya barpo etgan millat sifatida ulug‘lanadi.

Niyozov davrida kitob boshlang‘ich maktabdan tortib, oliy o‘quv yurtlarining kirish imtihonlari-yu, davlat ma‘murlarini attestatsiyadan o‘tkazish dasturlarida asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.

Kitobdan iqtiboslar hamma yerni bezab turardi.

Davlat televideniyesi boshlovchilari har kuni "Ruhnoma"dan 20 sahifani efirda o‘qib berishgan.

"Ruhnoma" 40 dan ortiq xorijiy tillar, jumladan, Afrikaning zulus tiliga tarjima qilingan.

2007 yilda Prezident Berdimuhammedov hokimiyatga kelganidan so‘ng Turkmanboshining merosidan qutulishga harakatlar qildi.

Jumladan, bu merosda markaziy o‘rin egallagan "Ruhnoma"dan iqtiboslar ham kamaydi.

2011 yilda esa oliy o‘quv yurtlarida "Ruhnoma"dan dars soatlari kamaygani va imtihonlarning bekor qilingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Londondagi "Urush va tinchlikni yoritish instituti" olib borgan tadqiqot natijasidan anglashilishicha, "Ruhnoma" darslari xali ham bor, ammo ayrim oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari bu darslarda ko‘proq jamiyatshunoslikka urg‘u berishadi.

Ashxoboddagi ikkita kitob do‘konining sotuvchilari esa "Ruhnoma" hanuz savdoda borligi, ammo ular xali Niyozov hayotligida nashr etilgan nushalar ekanini aytishgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Prezident Berdimuhammedovning so‘nggi chiqishi uning islohotlari qanchalik cheklanganini ko‘rsatadi.

Janob Berdimuhammedov hokimiyatga kelgach, turkman talabalarining xorijda o‘qishlariga izn bergan, internetga yo‘l ochgan va o‘tmishdoshi davrida yo‘q qilingan Turkman Fanlar Akademiyasini qayta tiklagandi.

Tahlilchilar uning qadamlarini gazga boy Turkmanistonning eksport yo‘llarini turfalashtirish istagi bilan tushuntirishgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.