BBC navigation

Turkiyadagi qochqinning deportatsiya ishi kechiktirilgan

Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2012 - 14:44 GMT

Istanbulda O‘zbeklar Birligi va qator turk inson haqlari tashkilotlari qochqinlarni Toshkentga topshirmaslikni talab qilganlar.

Turkiyaning Istanbul shahrida rasmiy Toshkent tomonidan vataniga qaytarilishi so‘ralgan qochqin Shomurodjon Qosimovning chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan ishi yana ikki oyga kechiktirilgan.

Qosimovni O‘zbekiston, xususan, konstitutsion tuzumga tajovuz, noqonuniy guruhlar tuzish, qurol saqlash va Islomiy davlat qurish kabi ayblarda ayblagan.

Ayblanuvchining himoyachisi Abdulhalim Yilmaz hakamga o‘z mijozi O‘zbekistondagi zulm va ta‘qiblardan qochib Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligiga ariza topshirganini va shu sababdan Turkiya Qosimovni O‘zbekistonga topshirishga haqli emasligini da‘vo qilgan.

Hakam BMTga berilgan ariza masalasiga aniqlik kiritish uchun Qosimov ishini ikki oyga, 14 noyabrga kechiktirgan.

Shomurodjon Qosimovning o‘zi kelgusi ikki oy davomida maxsus jamloqda ushlab turilishi qaror qilingan, biroq uning ikki farzandi va homilador ayoli ozodlikda qoladi.

BBC 19 avgustda Turkiya bir qator o‘zbekistonliklarni deportatsiya qilishni rejalayotgani va bu Turkiyadagi o‘zbek qochqinlar orasida vahimaga sabab bo‘layotganini xabar qilgandi.

O‘zbekiston xalq harakatining matbuot voizi, jurnalist Kamoliddin Yo‘ldoshning BBCga ma‘lum qilishicha, hibsga olingan va deportatsiyaga yuz tutgan qochqinlar orasida bo‘lgan er-xotin Muhammadali Abdurahmonov va Fotima Abdurazzoqovaning uchinchi davlatga chiqarish qarori qabul qilingan. Baxtiyor Alimov ismli yana bir qochqin ozod qilingan.

Sal avvalroq 2006 yildan beri BMT qochqini maqomiga ega bo‘lgan Botir Qodirov ham ozod qilingani xabar qilingandi.

Mazkur qochqinlar ham konstitutsion tuzumga tajovuz va diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolik ayblariga yuz tutganlar.

Turkiyada vaqtinchalik boshpana topgan qochqinlar odatda Turkiyada BMTning qochqin maqomini olish va uchinchi davlatga joylashtirilish tartibi o‘ta qiyin va uzoq jarayon ekanidan shikoyat qilib keladilar.

Kamoliddin Yo‘ldosh umuman o‘zbek qochqinlar soni ko‘payayotganini aytadi.

"Boshpana olganlar bor. Turkiyaning Suriyaga yaqin G‘azantep shahrida Markaziy Osiyodan kelgan qochqinlarning alohida lageri bor. U yerdagi eng qo‘p qochqinlar O‘zbekistondan kelgan qochqinlar. Keyingi paytda Qirg‘izistondan kelgan o‘zbeklar ham u yerda ko‘payishni boshladi. Lekin, shunda ham eng ko‘pi o‘zbekistonliklar. Ular boshpana ola bilayapti, har holda", - deydi u.

Suhbatdoshga ko‘ra, ularning aniq soni borasida ma‘lumot yo‘q. Undan tashqari, ko‘plab qochqinlar noqonuniy va yashirin tarzda, rasmiy idoralarga murojaat qilmay "bir kunini ko‘rib yuradi".

Janob Yo‘ldoshning bildirishicha, oxirgi vaqtda Turkiyadagi o‘zbek qochqinlarning ta‘qibga olinishi kuchaymoqda.

"O‘zbekiston tarafidan talab kuchayapti. O‘zbekiston nafaqat o‘zi, balki Interpol va AQShning Markaziy Istihborot agentligidan hujjatlarni keltirmoqchi bo‘ladi, lekin Turkiya ularga qaramasdan, baribir ham o‘zining xalqaro imidjini o‘ylaydi", - deydi u.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.