BBC navigation

Islom Karimov o‘zbek mullalarini arab bahoridan va‘z o‘qishga chaqirdi

Сўнгги янгиланиш 3 сентябр 2012 - 13:28 GMT

Prezident Karimov arab davlatlaridagi voqealar borasida o‘zbek mullalari juma namozlarida va‘z o‘qishini istamoqda

"Musulmon dunyosidagi, arab dunyosidagi bu notinchlikni hech kim qabul qilmaydi. Kimdir chetdan turib ularning orasini buzayotgani hammamizga ma‘lum" - deb aytgan Islom Karimov o‘zbek mullalariga qaratilgan nutqida.

"Bu muammolarga bizning munosabatimizni xalqimizga yetkazishimiz zarur. Imom-xatiblar juma namozlarida bizning qarashimiz mana bunday, deb tushuntirib bersak, o‘z tinchligimizga tinchlik qo‘shamiz" - degan Toshkent markazida diniy ulamolar bilan uchrashgan Islom Karimov.

Arab davlatlarida birin-ketin mustabid tuzumlar va uzoq yillik yakkahokim rahbarlarni ketkazayotgan ommaviy isyonlar haqida O‘zbekiston prezidenti juda kam gapiradi.

Qator arab davlatlarini qamrab olgan xalq g‘alayonlari O‘zbekistonda keng yoritilmay keladi.

Ayrim jurnalistlarga ko‘ra, Misrda uzoq yillik avtoritar rahbar - Husni Muborakka qarshi xalq isyoni boshlanganida, hatto O‘zbekiston matbuotida "Misr" kalimasini ishlatish imkonsiz bo‘lib qolgandi.

Biroq ko‘plab arab davlatlariga sachrab ketgan g‘alayonlar va qurolli to‘qnashuvlar haqida O‘zbekiston aholisi ham aksar Rossiya matbuot vositalari hamda internet orqali xabardor bo‘lmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy ahvol ko‘plab arab davlatlariga o‘xshashdir.

Uzoq yillab rahbarlarning almashmasligi, so‘z erkinligi cheklangani, muxolif partiyalarga ruxsat berilmasligi va xalqning iqtisodiy yashash sharoitlari yaxshilanmayotgani shular jumlasidan, deyiladi.

"Hokimiyat arab bahori ta‘siridan qo‘rquvda, chunki bu uchun barcha asoslar mavjud" - deydi jamiyatshunos Kamoliddin Rabbimov - "Shu bois diniy iboralar va mullalar orqali o‘zbek xalqining zehniyatiga ta‘sir qilish uchun ham ulamolarga murojaat etilmoqda".

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, ushbu voqealar borasida hukumat mavqeini xalqqa yetkazish mamlakatdagi tinchlik uchun muhimdir.

Ammo arab davlatlari bilan O‘zbekistonning aloqalari jips emas, jo‘g‘rofiy uzoqlik, til va yozuvdagi farqlar bois o‘zaro ta‘sirlar kuchli emasligi aytiladi.

"Qozog‘iston va Turkmaniston kabi aholi siyrak yashaydigan mamlakatlarda g‘alayonlarning quloch yoyib ketish xavfi kam bo‘ladi, ammo O‘zbekistonda aholi zich yashaydi" - deydi Kamoliddin Rabbimov - "Internet va matbuotni cheklab, vaziyatni ushlab turishibdi. Biroq tarixan O‘zbekistonda isyonlar kutilmagan payt va sharoitlarda yuzaga kelgan".

"Hukumat murakkab vaziyat yuzaga kelsa va yana kuch bilan bostirgudek bo‘lsa, u holatda G‘arb ham, Rossiya ham ikkinchi Andijonni hazm qila olmasligini yaxshi biladi. Hokimiyat ana shundan qo‘rquvda".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.