BBC navigation

Rossiyada mingdan ortiq muhojir hibsga olindi, aksariyati o‘zbekistonliklar

Сўнгги янгиланиш 24 август 2012 - 15:45 GMT

Poytaxt Moskva va Rossiyaning ayrim mintaqalarida o‘tkazilgan ikki kunlik reyd chog‘ida mingdan ortiq noqonuniy mehnat muhojirlari hibsga olinishgan.

Voqeadan xabardor faollarga ko‘ra, ulardan aksariyati O‘zbekiston fuqarolaridir.

Ayon bo‘lishicha, endi rasmiy tartib-qoidalarga muvofiq, ular xorijiy fuqarolarni tutib turish markaziga olib kelinadi.

Barmoq izlaridan nusxa olinadi. Shaxslarini aniqlantirish uchun o‘z mamlakatlariga so‘rovnoma yuboriladi va shundan so‘ng, hibsdagilar ortga deportatsiya etilishadi.

Mahalliy faollarning aytishlaricha, bu kabi reydlar har oy o‘tkazilsa-da, Rossiyaga keluvchi mehnat muhojirlari oqimi kuchayadigan avgust-sentyabr oylarida yanada faollashadi.

"Mas‘ullar o‘zlarining hisob-kitoblariga muvofiq, mehnat muhojirlari sonida muvozanat saqlash uchun ham bu kabi reydlarni o‘tkazishadi", deydi Moskvadan ularning huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyev:

Баҳром Ҳамроев

Россиядаги меҳнат муҳожирлари ҳуқуқларини ҳимоя этувчи фаол

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Rossiyada mehnat qilayotgan noqonuniy muhojirlarni ushlashga qaratilgan reydlar, odatda, mahalliy politsiya kuchlari va Federal Muhojirlik Xizmati xodimlari bilan hamkorlikda uyushtiriladi.

Noqonuniy muhojirlikmi yo siyosat?

Faol Bahrom Hamroyevning mehnat muhojirlari bilan suhbatlariga tayanib aytishicha, Rossiyaga uch oy ichida kirib, chiqish odamlarga qimmatga tushadi.

"To bir ishning boshini tutgunlaricha, uch oy muddat o‘tadi-ketadi. Shuning uchun ham, ularning aksariyati Rossiyada noqonuniy yurishga majbur bo‘lishadi", deydi faol.

Unga ko‘ra, hozir, hatto, Rossiyada qonuniy yurgan O‘zbekiston fuqarolari hibsga olinib, Moskva mahkamalari ularni ortga deportatsiya etishga oid bir tomonlama hukmlar chiqarmoqda.

Faol so‘nggi hibsga olishlar faqat mehnat muhojirlarining maqomiga bog‘liq bo‘lmay, buning ortida siyosiy sabablar ham yotgan bo‘lishi mumkin, deydi.

"O‘zbekiston hukumatining oxirgi siyosiy o‘yinlari, Kollektiv Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotidan chiqib ketilishi, MTS bilan bog‘liq mojarolar, xullas, shu oxirgi bir, ikki oy ichida juda ko‘p holatlar bo‘ldi. Umuman, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga qarshi kayfiyat keskinlashayapti. Buni bir aktsiyaga ham o‘xshatish mumkin".

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra esa, O‘zbekistondan chetga mehnat muhojirlarining oqimi kun sayin ortib bormoqda va oxirgi paytlarda ularning butun oilasi bilan Rossiyaga ketishi tendentsiyasi ham paydo bo‘lgan.

Ammo ular mavjud vaziyatga qaramay, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining chetda to‘qnash kelayotgan muammolariga nisbatan siyosiy befarqlik mavjudligini urg‘ulashadi.

Javobgarlik kuchaytiriladi

Shu yil mart oyida uchinchi bor qudratga kelgan prezident Vladimir Putin esa, dekabr oyi yakuniga qadar muhojirlik qonunini buzganlarga qarshi ma‘muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi hujjatlarni tayyorlashni ham talab qilgandi.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra ham, janob Putinning yagona maqsadi - mehnat muhojirlarini deportatsiya qilish orqali, Markaziy Osiyo hukumatlariga siyosiy ta‘sir o‘tkazishdir.

Ularga ko‘ra, migratsiya qonunini buzganlarga qarshi ma‘muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish rejasi mehnat muhojirlarining yana yashirin ishlashga o‘tishlariga olib kelishi mumkin.

Rossiyadagi faol Bahrom Hamroyevning eng so‘nggida aytishicha, fuqarolarining noqonuniy mehnat muhojirligiga yuz tutishlarining oldini olish uchun O‘zbekiston hukumati keskin siyosiy o‘zgarishlarga qo‘l urishi lozim.

"Rossiya bilan ham muvozanatli siyosat olib borish kerak edi. To‘g‘ri iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonda qorruptsiyaga barham berish bu - eng asosiy yo‘llar, birinchi qadamlardan...", deydi faol.

Agar raqamlarga qaralsa

Jahon bankining ogohlantirishicha esa, Rossiyada tobora qisqarayotgan ishchi kuchining o‘rnini qoplash uchun yaqin 20 yilda 12 million mehnat muhojiri jalb etilishi lozim bo‘ladi.

Ammo Rossiya rasmiylari mehnat muhojirlari jalb etilishi lozimligini tan olishsa-da, jamiyatda ularga bo‘lgan munosabat hamon murakkabligicha qolayotir.

Agar xizmat ma‘lumotlariga qaralsa, Rossiyaga yiliga 13-14 million xorijlik keladi.

Ulardan 80 foizga yaqinini esa, MDH davlatlari fuqarolari tashkil etishadi.

O‘z ro‘zg‘orini tebratish uchun Rossiyada ter to‘kayotganlar o‘zbekistonlikning soni esa, bir necha million kishini tashkil etishi aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.