BBC navigation

O‘zbek mujohodlari suriyalik isyonchilar saflariga qo‘shilmoqdami?

Сўнгги янгиланиш 7 август 2012 - 14:29 GMT

Suriyada zo‘ravonliklar kuchayar ekan minglab insonlar Turkiya hududlariga qochib o‘tishdi

Xalqaro jihodiy guruhlarga taaluqli bo‘lgan o‘zbek jangchilari, xabarlarga ko‘ra, Prezident Bashar al-Assad armiyasiga qarshi kurashayotgan isyonchilarga qo‘shilish uchun Suriya hududlariga o‘tganlar.

O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan yaxshi aloqasi bo‘lgan manba BBC o‘zbek xizmatiga avgust oyi boshlarida harakatning 40 dan ziyod qurollisi Suriya hududiga o‘tganini ma‘lum qilgan.

Ushbu manbaning aytishicha, Suriya-Turkiya chegerasini kesib o‘tganlarning aksari O‘zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan Islomiy Jihod Ittifoqidan bo‘lishgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati ham, Islomiy Jihod Ittifoqi ham Afg‘oniston chegaralariga yaqin Pokistonning qabila hududlarida panoh topganlar.

Ular Afg‘onistonda NATO yetakchiligidagi kuchlarga qarshi qator hujumlar uchun mas‘uliyatni o‘z zimmalariga olishgan.

Tolibon harakati va al-Qoida rahbariyati bilan yaqin rishtalarga ega ekani ishonilgan ushbu guruhlar saflarida asosan markaziy osiyolik va qafqozlik jangchilar bor.

Pokistondagi o‘zbek jangchilarining aniq raqami ma‘lum emas, ammo turli farazlarga ko‘ra, bir necha yuzdan ming nafargacha ekani ishoniladi.

"Biz Liviya va boshqa ko‘rfaz davlatlaridan bo‘lgan jangchilarni ko‘rdik. Men boshqa xorrijiy mamlakatlardan bo‘lgan jangchilarni ko‘rganim yo‘q. Jangchilar orasida o‘zbeklar yoki chechenlar bor deb o‘ylamayman. Agar bo‘lganda ham, ularning soni beshtadan oshmasdi "

General Malik al-Kurdiy

Ularning Suriyada paydo bo‘lishgani haqidagi xabarlar boshqa manbalardan ham tarqalgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining targ‘ibot web sayti - Furqon.com Bashar al-Assadning "dunyoviy rejimiga qarshi" jihodga qo‘shilayotgan ko‘ngillilar soni ortib borayotgani haqida yozadi.

Britaniyada nashr etiluvchi Guardian ro‘znomasi Turkiya-Suriya chegarasida bir turk odam tashuvchisi bilan suhbatlashgan. U turli mamlakatlar, jumladan Qafqoz va Pokistondan bo‘lgan qurollilar Suriyaga yetib kelishganini ma‘lum qilgan.

Odam tashuvchining ro‘znomaga aytishicha, suriyalik isyonchilarga yordam berish uchun yo‘lga chiqqanlar orasida "pokistonliklar va o‘zbekistonlar" ham bo‘lishgan.

Islomiy davlat qurish istagida bo‘lgan jihodiy guruhlar Suriyadagi jang maydonlarida anchadan buyon faol.

O‘tgan fevral oyida yoyinlangan video risolada al-Qoida rahbari Aymon al-Zavohiriy Iroq, Iordaniya, Livan va Turkiyadagi jangchilarni "Suriyadagi birodarlarga" yordamga chaqirgandi.

Ammo Suriyaga kelayotgan jangchilarning g‘oyaviy qarashlari Bashar al-Assad armiyasiga qarshi jang qilayotgan asosiy kuch - Ozod Suriya Armiyasi maqsadlaridan farqli ko‘rinadi.

Ozod Suriya Armiyasi xorijiy jangchilarga hushyorlik bilan munosabatda bo‘layotgani xabar qilinadi.

Turkiyada joylashgan Ozod Suriya Armiyasi rahbarlaridan biri Malik al-Kurdiy markaziy osiyolik yoki qafqozlik jangchilarning isyonchilarga qo‘shilayotganini rad etdi.

"Bir qancha jangchilar Suriyaga kirishgan, ammo ularning aksari arablardir," - dedi Malik al-Kurdiy BBC bilan suhbatda. - "Biz Liviya va boshqa ko‘rfaz davlatlaridan bo‘lgan jangchilarni ko‘rdik. Men boshqa xorrijiy mamlakatlardan bo‘lgan jangchilarni ko‘rganim yo‘q. Jangchilar orasida o‘zbeklar yoki chechenlar bor deb o‘ylamayman. Agar bo‘lganda ham, ularning soni beshtadan oshmasdi."

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Saljuq Unal o‘zbek yoki boshqa jangchilarning Turkiya tuproqlaridan Suriya hududiga o‘tgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Ammo u uzunligi 900 kilometrdan ziyod bo‘lgan chegarani to‘liq nazorat qilish imkonsiz ekanini ham e‘tirof etdi.

Turkiyadagi kuzatuvchilarga ko‘ra, Suriyadagi joriy vaziyat e‘tiborga olinsa, Turkiya-Suriya chegara hududlarida jihodiy guruhlarning faollashgani tabiiy holdir.

Mintaqaviy ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek jangchilarining so‘nggi yillarda global miqyosda harakat qilishayotgani inobatga olinsa, ularning Suriyada paydo bo‘lgani haqiqatga yaqindir.

Zero bu Afg‘oniston, Pokiston va Markaziy Osiyoda notinch hududlarda bo‘lib o‘tgan janglarda chiniqqan o‘zbek jangchilari g‘oyalariga mos tushadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.