BBC navigation

Misr sobiq prezidenti Husni Muborakning ahvoli og‘irlashgani aytilmoqda

Сўнгги янгиланиш 20 июн 2012 - 10:02 GMT

Mahkama Husni Muborakni bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgan

Qohiradan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, sobiq prezident Husni Muborakning ahvoli jiddiy yomonlashgan.

Ba‘zi axborot vositalari Muborak klinik o‘lim ostida ekani haqida yozgan.

Nile telekompaniyasining xabar berishicha, sobiq prezidentning hayotini saqlab qolish harakatlari davom etmoqda.

Xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayanib tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, Muborak koma holatida va sun‘iy nafas olish moslamasiga ulangan.

84 yoshli Husni Muborakning insult bo‘lganligi va qamoqxonadan harbiy shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgani xabar qilingan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, uni hayotga qaytarish uchun bir necha marta defibrillyator ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

BBC muxbiri Jon Laynning xabar berishicha, ilgari bu kabi xabarlar tasdig‘ini topmagani uchun misrliklar sobiq prezidentning sog‘lig‘i haqidagi gaplarga biroz kinoya bilan qarashadi.

Biroq BBC muxbiriga ko‘ra, bu galgi xabarlar ishonchli manbalardan olinmoqda.

Husni Muborak insult bo‘lishi orqasidan Maadi harbiy shifoxonasiga yotqizilgani haqida ommaviy axborot vositalari xabar berishgan.

Qo‘zg‘olonlar

Misrdagi qo‘zg‘olonlar ortidan Husni Muborak qudratdan ketqizilgan.

2012 yil iyunida mahkama sobiq prezidentni namoyishchilarning o‘limida aybdor deb topib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Qamoqqa olinganidan buyon Muborakning sog‘lig‘i haqida turli xabarlar tarqalgan, biroq ko‘pchiligi tasdig‘ini topmagan.

Ayni paytda o‘n minglab kishilar Harbiy kengashning xizmat vakolatlarini kengaytirish qaroriga norozilik bildirib Qohiraning Tahrir maydoniga yig‘ilishgan.

BBC muxbirining aytishicha, namoyishchilar Husni Muborakning sog‘ligi haqidagi xabarlarni diqqat bilan kuzatishmoqda.

Namoyishga chaqirgan "Musulmon birodarlar"ga ko‘ra, o‘tgan saylovlarda ularning nomzodi Muhammad Mursiy g‘alaba qozongan.

Uning raqibi sobiq bosh vazir Ahmad Shafiq ham o‘zining g‘alabasi haqida bildirgan.

Saylov natijalari payshanba kuni e‘lon qilinadi.

Hali saylov ketayotgan paytda Misr Harbiy kengashi parlamentni tarqatib, hukumatni boshqaruvini o‘z zimmasiga olganini e‘lon qilgan.

Faolar kengashning bu qarorini "Harbiy to‘ntarish", deb atagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.