BBC navigation

"Islom Karimov meni va o‘g‘limni otib tashlay qolsin"

Сўнгги янгиланиш 25 май 2012 - 10:46 GMT

Gulshan Qorayeva ta‘qibga tutilayotganini va erta o‘ziga nima bo‘lishini bilmasligini aytadi

"Har vaqt qurshovda va ta‘qibda o‘tiribman, uyda kasal bolam to‘shakda" - deya so‘nggi bayonotini izohlaydi Gulshan Qorayeva - "Meni kimlardir do‘pposlayapti, uyim devoriga nomaqbul so‘zlarni yozib ketishayapti. Yaxshisi, o‘ldirib qo‘ya qolishsin".

Prezident Islom Karimovga yozgan ochiq xatida qashqadaryolik huquq faoli 1 iyun bolalarni himoya qilish kunida o‘zi va kasal bolasini otib tashlay qolishni so‘ragan.

"Men ba‘zi boshqa faollardan farqli tarzda nogiron bolamni tashlab chetga keta olmayman va ketishni istamayman. O‘lsam ham jasadim vatanimda qolsin".

Gulshan Qorayeva so‘nggi yillari Qashqadaryodagi bolalar mehnati, gaz va elektr ta‘minotidagi uzilishlar hamda mahalliy hokimiyatlar zo‘ravonligi borasida tadqiqotlar o‘tkazib, ommaga e‘lon qilib kelmoqda.

So‘nggi haftalar esa unga bo‘lgan ta‘qiblar kuchayib, noma‘lum ayollar tarafidan ko‘chada hujumga tutildi va uyi devoriga nomaqbul so‘zlar yozilib, uyatsiz suratlar chizib ketildi.

Faol bu ishlar ortida maxsus xizmatlar va yo kuch tizimlari turganini da‘vo qiladi.

"Men maxsus xizmatlarga ayg‘oqchilik qilishga rozi bo‘lmadim va aksincha, bu borada ochiq gapirdim. Shu bois meni jazolashmoqda" - deb aytadi Gulshan Qorayeva.

"Hozir ko‘chaga ham chiqolmayman. Chiqsam, menga biron kor-hol bo‘lishi va yo boshimga kimdir biron narsa bilan urib ketishi mumkin" - deydi faol o‘ziga nisbatan so‘nggi kunlar sodir etilgan hodisalarni sarhisob qilib - "Bu ishlar borasida shikoyat qilsam, hatto mahalla mirshabi ham kelmadi. Shu bois bo‘layotgan hodisalar ta‘qibdan boshqa narsa emas".

"Imkoni bo‘lsa, O‘zbekistonda inson huquqlari faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Aslida-ku hamma bo‘layotgan ishlar mamlakat miqyosida va Toshkentga borib taqaladi, lekin har tugul, prezident eshitsa, rahmi kelar, deb o‘yladim. Aks holda erta menga nima bo‘lishini ham bilmayman".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.