BBC navigation

Qirg‘iz-O‘zbek chegarasi: "Uzundan-uzoq navbatlardan bezdik"

Сўнгги янгиланиш 1 май 2012 - 15:46 GMT

O‘zbekiston o‘tgan yillar davomida Qirg‘iziston bilan chegaralarini to‘sib chiqmoqda

"Chegara o‘tish maskanlari ochiq. Ammo navbat juda uzun. Odamlar ertadan-kechgacha oyoqda qolib ketishmoqda" - deydi "Do‘stlik" chegara maskaniga yaqin yashovchi O‘shlik Murtazo.

"Ko‘pchilikning tirikchiligi shu chegaraga bog‘liq-da. Hozir bahor. Birov ko‘chat olib o‘tadi, boshqasi O‘zbekistondan bir chelak qulupnay keltiradi" - davom etadi u - "Endi chegara bordi-keldisi - ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak masala".

Ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston chegarachilari hozir har bir o‘tadigan kishi haqidagi ma‘lumotlarni kompyuterga kiritishayotgani bois navbat o‘ta sekin siljiydi.

Buning ustiga, chegaraning ikki tarafida o‘zaro qarindosh-urug‘chilik rishtalari kuchli va aholi o‘ta zich yashaydigan bu mintaqada juda ko‘plab chegara o‘tish yo‘llari yopilgan.

Bir necha kun oldin Aravon tumanida yashovchi bir ayolni "O‘zbekiston chegarachilari otib o‘ldirgan" degan xabarlar tarqalgandi. Endilikda Qirg‘iziston rasmiylari Fotima Abduqahhorova tirikligini va hozir Andijon viloyatidagi kasalxonada davolanayotganini aytishdi.

"Aravonda chegaralar yopiq-da, katta o‘tish joylari esa juda tirband" - deydi Murtazo -"Qirg‘izistondagi har bir o‘zbek oilasining qo‘shni O‘zbekistonda hech bo‘lmasa bittadan qarindoshi bor. Odamlar ziyorat va diydor uchun ham o‘tib-qaytishadi".

Qirg‘izistondagi o‘tgan yillar yuzaga kelgan notinchliklar, O‘zbekistonga qaratilgan jangarilar hujumlari va, keyinroq, O‘sh qirg‘ini ortidan O‘zbekiston o‘zining Qirg‘iziston bilan o‘rtadagi chegaralarini yana qattiqroq ihotalay boshladi.

Lekin ikki mamlakat chegaralari ba‘zida mahalla ko‘chalaridan, hatto, odamlarning hovlilaridan o‘tadi.

Buning ustiga, bir mamlakatga qarashli yo‘l ikkinchi mamlakat hududidan o‘tgan holatlar ham bor.

O‘zbekistonning So‘x va Shohimardon anklavlariga borish uchun ham Qirg‘iziston hududlaridan o‘tish kerak.

So‘nggi paytlari esa O‘zbekistonning chegarani mustahkamlash harakatlari Qirg‘iziston siyosatdonlari orasida noroziliklarlarga ham sabab bo‘lgan edi.

Qirg‘iz tarafiga ko‘ra, chegaralarni aniqlash va belgilash jarayoni ikki qo‘shni o‘rtasida uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.