BBC navigation

O‘zbekistondan kimlar chetga chiqib ketayapti?

Сўнгги янгиланиш 27 апрел 2012 - 14:24 GMT

So‘nggi so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, Rossiyadan chetga chiqishni istayotganlar soni o‘tgan yil bilan taqqoslaganda ikki barobar kamaygan.

Ammo ularning o‘zbekistonlik hamkasblari kuzatuvlariga qaralsa, O‘zbekistondan Rossiyaga ketayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda ekan.

Ustiga ustak, rossiyaliklarni yaxshi hayot kechirish istagi xorijga yetaklayotgan bo‘lsa, aksariyat o‘zbekistonliklar faqat pul topish ilinjida Rossiyaga yo‘l solishayotgan ekan.

Rossiyadagi yangi so‘rov esa, Butunrossiya omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘tgan yil Rossiyani tark etish istagida bo‘lgan fuqarolar soni 22 foiz bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich teng yarmiga kamaygan.

Lekin rossiyalik mutaxassislar, hatto, ana shu raqamlarning o‘zi ham mamlakat uchun salbiy holat ekanini ta‘kidlashadi.

O‘zbekistonlik sotsiolog Suhrob Ismoilovning o‘z kuzatuvlariga tayanib aytishicha, oxirgi paytlarda, hatto, pasport yoshiga yetmagan yoshlar orasida ham ishlash uchun chetga chiqib ketayotganlari soni ortgan.

"Ular joylardagi mahalliy pasport stollari bilan gaplashib, pora berib, pasportlarini vaqtliroq olib, o‘z oilalaridagi yoshi katta odamlarga qo‘shilib, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi mamlakatlarga ketishmoqda", deydi u:

O‘zbekistonlik sotsiologga ko‘ra, bu tendentsiyaning kuchayib borayotganini Rossiya Markaziy Banki pul o‘tqazmalariga oid berayotgan rasmiy ma‘lumotlari ham tasdiqlaydi.

"Masalan, 2010 yilda o‘zbekistonliklar tomonidan Rossiya bank xizmatlaridan foydalanib o‘tkazilgan pullar miqdori 3 milliard atrofida bo‘lsa, 2011 yilda 4 milliard 300 million AQSh dollariga yetgan. Hatto, inflyatsiyani hisobga olgan taqdirda ham, bu - xorijga chiqib, ishlab kelish istagidagi aholi sonining kundan-kunga o‘sayotganini ko‘rsatishi mumkin".

Yil sayin soni kamayib borayotgan esa-da, bugun xorijga ketish istagida bo‘lgan rossiyaliklarning aksariyatini yorug‘ kelajak umidida bo‘lgan o‘qimishli yoshlar qatlami tashkil etarkan.

Ammo, Suhrob Ismoilovning aytishicha, chetga tahsil olish yoki o‘z malakalarini oshirish ilinjida chiqayotgan o‘zbekistonliklarning foizi anchayin kamaygan.

"Bu - O‘zbekistonda asosan 2005 yildan boshlab, yoshlarni xorijga o‘qishga yoki malaka oshirishga jo‘natadigan xalqaro dasturlarning yoppasiga quvilishi bilan bog‘liq", deydi sotsiolog.

Suhrob Ismoilov, o‘z o‘rnida, chetga chiqib ketayotgan o‘zbekistonliklarning qanday kasb egasi ekanliklari bu masalada unchalik rol o‘ynamaydi, degan fikrda.

Unga ko‘ra, ketayotganlar ichida oliy ma‘lumotlilari ham ko‘p esa-da, lekin ular borgan joylarida asosan qora ishlarda band bo‘lishadi.

"Chetga asosan erkaklar ketishadi. Rossiya, Qozog‘iston, qisman Ukraina, Janubiy Koreya, hozir Chexiyaga ham juda katta oqim ketayapti, mana shu mamlakatlarda ular qurilish ishlarida yoki joylardagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, supurish-sidirish, tozalash ishlarida band bo‘lishadi. Ularning O‘zbekistonda o‘qigan, o‘rgangan kasblari unchalik ahamiyat kasb etmaydi", deydi u.

Boshqa tomondan sotsilog o‘z kuzatuvlari ketayotganlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonda o‘rta va maxsus ta‘limni bitirgan yoshlardan iborat ekaniga dalolat qilishini ham aytadi.

"Ularning biror bir malakali kasbni tanlash va da‘vo qilish uchun bilimlari yetarli emas", deydi u.

Rossiyalik so‘rov ishtirokchilarining nazdlarida yangi davlatda o‘zlarining iqtidorlarini ko‘proq namoyon etish, nimalarga qodirliklarini ko‘rsatish imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi.

Bugun Rossiyadagi turk shirkatlaridan birida shifokor bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik suhbatdoshimizning aytishicha esa, hatto, oliy malakali mehnat muhojirlarining ham Rossiyada o‘z o‘rinlarini topib ketishlari qiyin bo‘ladi.

"Bu eng avvalo o‘zingizga bog‘liq bo‘ladi. To‘g‘risi, men Rossiyaga kelib, birdaniga shifokor bo‘lib ketganim yo‘q. Deylik, men travmotolog bo‘lgan taqdirimda ham, uch oy o‘qib, sertifikat olishga harakat qilishim kerak va hokazo. Lekin O‘zbekistonga nisbatan biroz imkoniyat bor. Negaki, bu yerda buyruqbozlik biroz kam, ishingizga qarab hurmat qilishadi", deydi u:

Rossiyalik sotsiologlar soni oz bo‘lsa-da, xorijga ketish istagidagi insonlarning mamlakat aholisi intellektual qatlamini tashkil etishini nazarda tutib, hukumat ushbu masalaga jiddiy e‘tibor qaratishi zarurligini ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, mas‘ullar eng avvalo ushbu voqeilik sababining tagiga yetishlari, bu masalada yaxshi ish o‘rinlari yaratilishining o‘zi yetmasligi, odamlarda davlatga keraklilik hissini uyg‘otish zarurligini urg‘ulashadi.

O‘zbekistonlik sotsiolog Suhrob Ismoilov ham bu sohada gap ketganda, eng avvalo davlat siyosati o‘zgartirilishi, hukumat mehnat migratsiyasini reallik deb tan olishi va buni foydali jarayon deb qabul qilishi lozimligini aytadi.

"O‘zbekiston turli xil davlat dasturlari orqali mehnat muhojirligining foydali taraflarini maksimallashtirishi va zararli tomonlarini minimallashtirishga harakat qilishi kerak".

Sotsiologga ko‘ra, qaytib kelayotgan mehnat muhojirlarini qaytadan jamiyatga integratsiya qilish dasturlari ham yaxshi ishlashi lozim.

"Mehnat muhojiri 2-3 yil ishlab qaytib kelayapti, ijtimoiy, madaniy jihatdan allaqachon uning ongi o‘zgargan, shu sabab o‘zini topolmay, qadrini topolmay, yana qaytib ketishga majbur bo‘layapti", deydi u.

Rossiyada o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalariga qaralsa esa, xorijga ketish istagini bildirgan fuqarolarning bor-yo‘g‘i bir foizdan ortiqrog‘i shu yaqin bir-ikki yil ichida rostdan ham o‘z rejalarini amalga oshirish istagida ekanlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.