BBC navigation

Boku "Ovronigoh"i arafasida inson haqlariga rioya qilish talablari kuchaymoqda

Сўнгги янгиланиш 27 апрел 2012 - 16:38 GMT

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari yana bir bor "Ovronigoh" qo‘shiq tanlovi tashkilotchilariga murojaat qilib, bu yilgi tanlov mezboni bo‘lgan Ozarbayjon rahbariyati siyosiy muxolifat a‘zolarini hibsga olishni, jurnalistlarni kaltaklashni hamda tomosha o‘tkazaman deb Bokuda yashaydigan insonlarning uylarini vayron etishni to‘xtatishga chaqiriq bilan chiqishlarini so‘ragan.

Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlariga ko‘ra, hozirgi paytga kelib Ozarbayjondagi matbuot erkinligining ahvoli Ovro‘podagi eng yomoni hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar mamlakat rahbariga qarshi gapirgani uchun hatto ozarbayjonlik musiqachilar hujumlarga tutilganini qoralaganlar.

Ozarbayjon rahbariyati Kaspiy dengizi sohilidagi yarim orolchada ulkan qurilishni boshlagan, bu "Billur Tolor" saroyidir.

Ko‘pchilik fikricha, "Ovronigoh" qo‘shiq tanlovi Ozarbayjon uchun o‘zini jahonga tanitish, namoyish etish uchun betakror imkoniyat.

Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanib qolishni istayotgan mamlakat rahbariyati ham dunyoni lol qilish maqsadini ko‘zlayotir.

May oyining 22-, 24-kunlarida Boku shahrida o‘tkazilishi rejalangan tomoshani dunyo bo‘ylab 125 million kishi ko‘radi, deya taxmin etilmoqda.

Ammo Ozarbayjon hukumatining tanqidchilari ushbu hodisadan mamlakatdagi abgor inson huquqlari ahvoliga jahon hamjamiyatining e‘tiborini qaratish maqsadida foydalanib qolmoqchi ekanlarini aytganlar.

"Inson huquqlari Ozarbayjonda muttasil poymol etiladi", degan Human Rights Watch tashkilotining vakili Giorgiy Gogiya.

Unga ko‘ra, hozirgi paytda mamlakat qamoqxonalarida 70 siyosiy mahbus saqlanmoqda, ular orasida 7 jurnalist ham bor.

Faollar "Demokratiya uchun kuyla" degan kampaniyani boshlaganlar.

Kampaniya faollaridan Rasul Jafarov so‘zlariga ko‘ra, "Ovronigoh" inson huquqlari vaziyatini yaxshilash yo‘li bilan Ozarbayjonning Ovro‘poga integratsiyasiga xizmat qilishi kerak.

Biroq Ozari rahbariyati ushbu tanqidiy chiqishlarni g‘azabnok qabul qilmoqda, ularning fikricha, G‘arb matbuoti mamlakatning iqtisodiy muvaffaqiyatlaridan ko‘ra demokratiya sohasidagi kamchiliklariga ko‘proq e‘tibor qaratmoqda.

Rasmiy Boku mulozimlari Ozarbayjon neft bilan Ovro‘poni ta‘minlayotgani, Afg‘onistondagi NATO yetakchiligidagi kuchlarga tranzit yo‘li ochib qo‘yganidek strategik ahamiyatini urg‘ulashni istaydilar.

Prezident Ilhom Aliyev aytishicha, Ozarbayjonning obro‘sini to‘kish maqsadidagi "iflos kampaniya" olib borilmoqda, buning ortida Armani dushmanlari turiptilar.

Ozarbayjon rasmiylariga ko‘ra, tanqidiy maqolalar uchun mas‘ullar orasida "Islomofob"lar ham bor.

"Chunki ular "Ovronigoh"ning aholisining ko‘pchiligi musulmon mamlakatida bo‘lib o‘tayotganini ko‘rolmayaptilar", deb aytgan Prezident Aliyevning "Eni Azerbayjan" partiyasi yetakchi a‘zosi Mubariz Gurbanli.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.