BBC navigation

Hukumat zayomlar bo‘yicha xalq oldidagi majburiyatini qachon bajarmoqchi?

Сўнгги янгиланиш 17 апрел 2012 - 14:41 GMT

O‘zbekiston rasmiylari qancha o‘zbekistonlikning qancha mablag‘i bu zayomlarning sotilgani natijasida davlat byudjetiga tushgani haqida hech ham ma‘lumot tarqatmaganlar.

O‘zbekistondagi "Pravda Vostoka" ro‘znomasiga ko‘ra, 1992 yilda muomalaga chiqarilgan 12 foizli davlat zayomlarining amal qilish muddati 1 iyulda tugaydi.

Gazetxonlardan birining maktubiga O‘zbekiston Moliya vazirining o‘rinbosari Mubin Mirzayev javob qaytargan, bu zayomlar uchun pullar aholiga 2014 yil 1 iyuligacha "to‘lanishi mumkinligini aytgan".

Ro‘znoma o‘quvchilaridan biri shunday yozgan:

"Menda 50 ming so‘mlik 1992 yilda chiqarilgan 12 foizli ichki yutuqli obligatsiyalar bor. Bizga 10 yil ichida zayomlarni qaytarib olish, shuningdek foizlar uchun to‘lov to‘lashga va‘da berishgan edi. O‘sha paytda bu obligatsiyalarning narxi arzon emas edi va mening ishonchim komil, ko‘pchilik hozir ham bu obligatsiyalarni saqlab yurishipti. Ularga yutuq o‘ynaladimi yoki qandaydir tovon puli to‘lanadimi?"

O‘zining javobida O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev davlat zayomlarining 1992 yildan 1994 yilgacha muomalaga chiqarilganini ma‘lum qiladi, bu zayomlar savdosidan tushgan daromad respublika byudjetiga tushirilganini aytadi.

O‘zbekiston Moliya vaziri muovini 1992 yil 6 aprelida O‘zbekiston hukumati qabul qilgan qaror nomini tilga oladi, o‘sha qarorga binoan obligatsiyalarning muddati 2012 yil 1 iyulida yakunlanishini eslatadi.

"Yutuq chiqqan obligatsiyalar va yutuq chiqmagan obligatsiyalar ham to‘lov uchun 2014 yilning 1 iyuligacha taqdim etilishi mumkin", deya javob qaytargan moliya vaziri o‘rinbosari.

"O‘zbekiston Respublikasi 12 foizli ichki yutuqli zayomining bahosini to‘lab qaytarib olish katta mablag‘ni talab qiladi, bu mablag‘ Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrida ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Hukumatning 1992 yilgi zayomlarni indeksatsiya qilish va to‘lab qaytarib olish haqidagi qarori haqida ommaviy axborot vositalarida xabar tarqatiladi", deb yozgan vazir o‘rinbosari.

O‘zbekiston rasmiylari qancha o‘zbekistonlikning qancha mablag‘i bu zayomlarning sotilgani natijasida davlat byudjetiga tushgani haqida hech ham ma‘lumot tarqatmaganlar.

1992 yildagi 500 so‘mlik yoki 1000 so‘mlik obligatsiyaning qiymati bugungi kunga kelib qanchani tashkil etishi borasidagi hisob-kitob ham jamoatchilikka oshkor etilmagan.

Toshkentlik 89 yoshli pensioner Boris Primazon o‘z pullarini qaytarishga 2000 yillardan buyon muvaffaqiyatsiz urinib kelayotgan insonlardan biri.

"O‘sha paytda mashinaning narxi 8 ming so‘m edi. "Jiguli"ni 8 mingga, "Volga" mashinasini 16 mingga sotib olish mumkin edi", deydi nafaqaxo‘r.

Uning aytishicha, 1990 yillar boshidagi 100 ming so‘m yoki rubl atrofidagi mablag‘i O‘zbekiston banklarida qolib ketgan, u hukumatning aholi omonatlarini inflyatsiya tufayli qadrsizlanmasligi uchun omonat daftarchasiga o‘tkazish chaqiriqlariga ishongan.

"Hamma jamg‘arma kassalarida e‘lonlar osilgan edi. Kimda tillo zayomlar bo‘lsa, bu zayomlarini bankka topshirishdi. 1992 yilda 12 foizli O‘zbekiston yutuqli zayomini chiqarishdi. Va kimning omonat daftarchasida pullari bo‘lsa, bu pullarga 12 foizli zayom olishsin, deyishdi. Mening 100 mingcha pulim bo‘lsa, 40 mingiga O‘zbekiston zayomini oldim, qolgani omonat daftaridagi pul bo‘lib turaverdi", deydi Boris Mixaylovich.

"Men pullarimni qaytarib berishlarini so‘rab, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga maktublar ham yozdim, ochiq xatlarim ham e‘lon qilingan. Bosh prokuraturaga, Moliya vazirligiga, Inson huquqlari Milliy markazi, Oliy Majlis ombdusmaniga, Konstitutsion sudga murojaatlar qildim. Menga 12 marta javob berishdi, ularning asosiy mazmuni shuki, yutuqli zayomlar pulini to‘lash uchun 2012 yil iyunigacha davlat byudjetidan mablag‘ qidirib topish lozim, mablag‘ topilganidan keyin bu haqda matbuotda xabar qilamiz", deydi Boris Primazon.

"Bu vaqt orasida esa pulini ololmay qanacha insonlar o‘lib ketdi", deydi Boris Primazon.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.