BBC navigation

Dushanbe Toshkent bilan ziddiyatiga Moskvani ham tortmoqchimi?

Сўнгги янгиланиш 4 апрел 2012 - 14:21 GMT

Rog‘un GESining qurilishidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi katta zarar ko‘rishi kutiladi

Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov raisligida Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ini bo‘lib o‘tgan. Ba‘zi ishonchli manbalarga ko‘ra, kengashning navbatdan tashqari o‘tkazilgan bu majlisi Tojikiston bilan keskinlashayotgan aloqalarga bag‘ishlangan.

Kecha Tojikiston o‘zining Rossiyadagi elchixonasi internet sahifasi orqali O‘zbekistonni qattiq qoralovchi keskin bayonotni tarqatgan edi.

Bayonotda rasmiy Dushanbe Toshkentni Tojikistonni iqtisodiy ishg‘ol ichida tutib turishda ayblab, o‘zbek tomonining tojik yuk poyezdlarini ushlab turish, hamda 1 apreldan gaz ta‘minotini uzib qo‘yishini tilga oladi, shunindek, o‘rtadagi mina dalalariga Toshkent mas‘ul ekanini da‘vo qiladi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat Tojikistonning o‘zbek qishloq xo‘jaligiga salbiy ta‘sir qilishi aytiladigan Rog‘un GESini qurishda davom etishi bilan izohlanadi.

Ho‘sh, nima uchun Dushanbe bu bayonotni Moskvada chiqardi? BBC Rossiya bo‘yicha tahlilchi Aleksandr Knyazev bilan bog‘lanib, avvalo Dushanbe bu mojaroga Rossiyani tortmoqchimi deb so‘radi.

Knyazev: Ha, menimcha shunday. Chunki Rossiya, oxirgi 20 yil voqealariga qaramay, mintaqadagi eng qudratli tashqi o‘yinchi bo‘lib qolayapti va uning dastagi Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta ahamiyat kasb etadi. Undan tashqari, Rossiya qaysidir darajada mintaqadagi gidroenergiya loyihalari, xususan Rog‘un loyihasiga aloqador. Aynan Rog‘un O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta muammodir. Shuning uchun, tojik hukumati bu bayonotni Rossiyada tarqatgani tasodifiy hol emas. U Rossiyaning reaktsiyasini uyg‘otishga qaratilgan.

BBC: Oxirgi vaqtlarda Tojikiston jamoatchiligi va matbuotida Rossiya O‘zbekiston tarafini olayapti degan qarashlar kuchaygan. Bu naqadar asosli? Rossiya o‘zi kimning tarafida?

Knyazev: Menimcha, ayniqsa 2000 yilda Rog‘un GESi qurilishi borasida Tojikiston va Rossiyaning Rusal shirkati orasida kelishuv bekor qilinganidan keyin, Rossiya bu masalada neytral mavqe‘ni egallab kelayapti. Bundan so‘ng bir qator chiqishlar bo‘lgan, masalan Prezident Medvedev gidroenergiya loyihalari uchun bo‘lgan tadqiqotlar zarurati haqida gapirgan, shuningdek, Rossiyaning Rog‘un qurilishida yana ishtirok etishi ehtimoli haqida so‘z ketgan, lekin bularning bari mayda-chuyda detallar. Aslida Rossiya mavqei neytral. Bu loyihalar juda mujmal. Shaxsan men bunday ob‘ektlarga qarshiman. Men Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qo‘ng‘irota GESi loyihalarining salbiy iqtisodiy tomonlarini asoslab ilmiy ishlar yozganman. Rossiya bo‘yicha ekspert sifatida, men Rossiyaning bu muammolarga aralashmayotganidan mamnunman. Bu muzlab qolgan masala desa bo‘ladi. Men O‘zbekiston tarafini tushunaman. Balki O‘zbekiston tarafi qo‘llayotgan usullar unchalik to‘g‘rimasdir, balki o‘ta qattiqqo‘ldir, masalan iqtisodiy blokada va hokazo. Lekin, Tojikiston Rog‘un qurilishini to‘xtatmayapti va u zarur qonunlarga bo‘ysunmasdan olib borilayapti, va bu O‘zbekiston uchun xavflidir. Shuning uchun, men o‘zbek tarafini tushunaman.

BBC: Siz Rossiya neytral va buni qo‘llab-quvvatlayman deyapsiz. Lekin, u bu masalani yechishda tojik va o‘zbek tomonlariga qandaydir yordam ko‘rsatishi mumkinmi? Qandaydir konstruktiv rolь o‘ynay oladimi Moskva?

Knyazev: Menimcha, bu muammo yechimini Rossiyadan emas, balki Dushanbedan boshlash kerak. Dushanbening Rog‘un qurilishi borasidagi o‘jarligi eng asosiy muammo. Rossiya diplomatik vositachi sifatida chiqishi mumkin. Chunki Rossiyaga Toshkentda ham, Dushanbeda ham quloq tutishadi. Toshkentda, menimcha, ko‘proq quloq tutishadi. Dushanbe esa xavfli o‘yin olib borayapti - u qandaydir gijgijlovchi loyihalarni o‘ylab topayapti, masalan Afg‘oniston bilan o‘rnatiladigan gaz quvuri loyihasi. Bu loyihaning mazmuni noaniq, chunki u mamlakat hali yana qancha vaqt beqaror bo‘lib qolishi noaniq. Toshkent bilan konstruktiv muloqotga kirishning o‘rniga Dushanbe oyoq tirab turishda davom etayapti. Rog‘un GESidan olinadigan energiyaning aksar qismi o‘zi qayerga sarflanadi va u qanchalar iqtisodiy jihatdan samarali bu ham noaniq. Dushanbe baribir amalga oshishi shubha ostida bo‘lgan global eksportlar haqida unutib, kichik GESlar qursa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lekin Rossiya qanchalar vositachilik qilishni xohlaydi, buni aytish qiyin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.