BBC navigation

AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashgani nimada ko‘rinadi?

Сўнгги янгиланиш 30 март 2012 - 17:12 GMT

Prezident Islom Karimov so‘nggi vaqtlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashganini aytgan.

Toshkentda AQSh Markaziy Qo‘mondonligi qo‘mondoni Jeyms Mettis bilan muzokaralar chog‘ida gapirgan janob Karimov, rasmiy xabarda aytilishicha, Amerika harbiy mulozimi bilan Afg‘onistondagi vaziyat va ikki tomonlama harbiy-texnik hamkorlik masalalarini mubohasa qilgan.

AQSh Markaziy Qo‘mondonligi qo‘mondoni Jeyms Mettisning safari so‘nggi paytlarda Barak Obama ma‘muriyati mulozimlarining Toshkentga faollashgan tashriflarining navbatdagisidir.

2014 yilda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishga tayyorlanayotgan Qo‘shma Shtatlar uchun O‘zbekistonning ahamiyati yanada oshgan.

Bu tashriflar kun tartibidagi asosiy masala ham Afg‘onistondagi xavfsizlik va harbiy hamkorlik masalasidir.

G‘arblik tahlilchilar Obama ma‘muriyati O‘zbekistondagi avtoritar tuzum bilan hamkorligida asosan, o‘zining xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqayotganini aytishadi.

Ammo Prezident Karimov bu safar ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy muloqotning faollashganiga urg‘u bermoqda.

Ammo bu siyosiy muloqotning nima haqida ekani qorong‘u.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov O‘zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar Vashington hamda Toshkent o‘rtasidagi muloqotning bir qismi ekaniga shubha qilmaydi.

"Amerika demokratiya va inson haqlarini kun tartibidan olib tashlagani yo‘q"

"Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish O‘zbekiston rahbariyati bilan muloqotlarning asosiy mavzusi. Ammo biz demokratiya va inson huquqlari masalalaridan hech qachon voz kechmaganmiz va bu masalalar hech ham kun tartibidan olib tashlangani yo‘q va biz bu siyosatni davom ettiramiz, deb aytdi bir necha kun oldin Toshkentga kelgan AQSh Davlat Departamenti vakili", deydi Farhod Tolipov.

AQSh harbiy mulozimining tashrifidan bir kun avval Qo‘shma Shtatlarning Diniy erkinliklar bo‘yicha elchisi Syuzan Kuk o‘zbek rasmiylari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan mamlakatdagi diniy erkinliklarning vaziyatini muhokama qilgan.

AQSh Davlat Departamenti bir necha yildirki, O‘zbekistonni diniy erkinliklar borasida alohida xavotir uyg‘otayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritib keladi.

AQShning Diniy erkinliklar bo‘yicha elchisining O‘zbekistonga tashrifi Islom Karimov hukumati bilan siyosiy muloqotlarning natijasi bo‘lishi mumkin, ammo Kuk xonim bilan uchrashgan inson huquqlari faoli Sur‘at Ikromov uchrashuvdan ta‘sirlanmaganini aytadi.

"Bu uchrashuv 1,5 soatcha davom etdi, biz u kishiga qo‘limizdan kelganicha mamlakatdagi diniy erkinliklar bilan bog‘liq vaziyat haqida yetarlicha ma‘lumot berishga harakat qildik. Bilasizmi, bu mening shaxsiy fikrim, Amerika rasmiylarining O‘zbekistondagi inson huquqlarining buzilishi, qiynoqlar vaziyatiga oxirgi 2 yilda jiddiy qaramayotganlari sezilayapti. Misol uchun, Amerikaning yangi elchisi o‘tgan yili O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa, mana shu paytgacha ham mamlakatdagi inson huquqlari himoyachilarini o‘zi shaxsan yig‘ib uchrashuv tashkil qilgani yo‘q", deydi Sur‘at Ikromov.

Vashington respublikachi prezident Jorj Bush davrida O‘zbekistonni siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazishga undagan, ammo bu hech qanday natija bermagan.

"Demokratiyani rivojlantirish o‘zbekistonliklarning o‘zlarining ishi"

Ikki davlat o‘rtasida 2003 yilda imzolangan "Strategik hamkorlik bitimi"ga muvofiq, Prezident Karimov hukumati so‘z va matbuot erkinligi, ko‘ppartiyaviylik va diniy erkinliklarga yo‘l berish majburiyatini olgan edi.

Ammo Toshkent islohotlarni davomli ravishda ortga surib keldi va Amerika 2005 yildagi Andijon voqealari borasida keskin bayonot berishi ortidan Prezident Karimov Qo‘shma Shtatlarga O‘zbekistonning eshiklarini yopib qo‘ydi.

G‘arblik tahlilchilar nazarida hozirgi muloqot O‘zbekistonning yakkahokim va inson huquqlari haqidagi ma‘ruzalarga toqat qilmaydigan o‘jar rahbarini siyosiy islohotlarga undashni istisno qiladi.

Ularga ko‘ra, Vashington siyosiy islohotlarni Islom Karimovdan keyingi O‘zbekiston uchun rejalayotgan bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun ham Amerikaning O‘zbekiston va mintaqadagi hozirligi muhim, deyishadi ayrim g‘arblik ekspertlar.

Farhod Tolipov bu borada yana o‘zi muloqotda bo‘lgan yuqori martabali AQSh mulozimining so‘zlarini keltiradi:

"Demokratiya va inson huquqlari masalalari O‘zbekistonning o‘zi uchun juda muhim va demokratiyani o‘zbekistonliklarning o‘zlari rivojlantirishlari kerak. Biz faqat kerak bo‘lgan paytdagina yordam berishimiz mumkin, deb ta‘kidladi".

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.