BBC navigation

Kobulda xudkushlik hujumi rejasi fosh etilib, 16 kishi hibsga olindi

Сўнгги янгиланиш 27 март 2012 - 11:07 GMT

Kobulda xavfsizlik choralri kuchli ekanligiga qaramay hujumlar ro‘y berib turadi.

Afg‘oniston Xavfsizlik Xizmatining bildirishicha, poytaxtda amalga oshirilishi rejalangan xudkushlik hujumi fosh etilib, portlovchi modddalar joylashtirilgan 11 ta belbog‘ qo‘lga olindi.

Xavfsizlik Xizmatiga ko‘ra, agarda hujumlar amalga oshirlgan taqdirda juda jiddiy oqibatlarga olib kelgan bo‘lardi.

Hibsga olingan 16 kishidan ba‘zilari Afg‘on Milliy Qurolli KUchlari askarlari ekanligi ham aytilgan.

Qo‘lga olingan portlovchi moddali belbog‘lar vazirliklar binolaridan birining mashinalar to‘xtash yeri atrofidagi uch alohida xonadan topilgan.

Bu yer Afg‘oniston Prezidenti qarorgohidan atigi bir kilometrcha uzoqlikda joylashgan.

Taxmin qilinishicha portlovchi belbog‘lar vazirlik xodimlarini tashuvchi avtobuslarda ishga solinishi nazarda tutilgan.

Gumon qilingan hujumchilar hibsga olinishidan atigi 45 daqiqa o‘tib vazirlikning mingdan ortiq xodimi tushgan avtobuslar yo‘lga utshishi rejalangandi.

Bi-bi-sining Kobuldagi muxbiriga ko‘ra, Afg‘on politsiyasi va Qurolli Kuchlari saflariga kirib olib, hujumlarni amalga oshirish hodisalari oxirgi yillarda ayniqsa ko‘payib ketgan.

Kuni kecha afg‘on askari formasini kiyib olgan shaxslar ikki alohida hodisada bir amerikalik va ikki britaniyalik askarni otib o‘ldirgandilar.

Amerika va NATO askarlariga qarshi hujumlar fevral oyida amerika askarlari Quro‘oni Karimni yoqib yuborganlari va 11 mart kuni amerika askari o‘ndan ortiq tinch aholi vakillarini otib o‘ldirganidan so‘ng yanada oshgan.

NATO va Amerika kuchlarining 2014 yili Afg‘oniston olib chiqilishi rejalangan. Ayni vaqtda Afg‘on Milliy Qurolli Kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish va Toliblar bilan muzokaralar olib borishga harakat qilinmoqda.

Ammo mart oyidagi tinch aholi vakillari o‘ldirilishidan so‘ng Toliblar o‘tgan yili boshlangan muzokaralar jarayonidan chiqib ketishlarini ma‘lum qildilar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.