BBC navigation

"O‘zbekistonning uchuvchisiz uchog‘i Qozog‘iston havo hududini buzib o‘tgan"

Сўнгги янгиланиш 21 феврал 2012 - 15:12 GMT

Qozoq chegarachilariga ko‘ra, Qoraqlpog‘iston tomondan uchib kelgan uchoq qaytib O‘zbekiston hududida g‘oyib bo‘lgan

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonga tegishli uchuvchisiz boshqariladigan uchoq Qozog‘istonning havo makonini buzib o‘tgan.

Ostona shahrida o‘tkazilgan brifingda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi voizi Altay Abibullayevning aytishicha, mas‘ul idoralar ushbu hodisani tasdiqlaganlar.

"Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining Chegara qo‘shinlari shtabi Qozog‘iston havo makonini O‘zbekistonning uchuvchisiz boshqariladigan uchuvchi apparati buzganini tasdiqladi. Hozirgi paytda Qozog‘iston va O‘zbekistonning tegishli xizmatlari o‘rtasida tegishli muzokaralar olib borilayapti", deb aytgan Qozoq tashqi ishlar vaziriligi mulozimi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy axborot yo‘llangani ma‘lum qilingan.

Bundan oldin Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning uchuvchisiz uchog‘i Qozog‘istonga o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Hodisaning 16 fevral kuni Qozog‘istonning Qoraqalpog‘istonga chegaradosh Mang‘istau viloyatida yuz bergani haqida xabar qilingan.

Qozoq chegarachilariga ko‘ra, O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy chegarasi tomonidan uchib kelgan uchuvchisiz apparat Qozog‘istonning Beyneu posyolkasiga yaqin hududga o‘tgan.

Qozog‘istondagi KTK telekanali xabariga ko‘ra, "taxminan O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan uchuvchisiz uchoq ikki chegara darvozasi yaqinidan uchib o‘tgan, qayrilib olgan, chegara tomonga qarab uchib, qo‘shni davlat hududida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan".

Uchuvchisiz uchoqning juda ham pastlab uchgani, shuning uchun ham uni Qozog‘iston Havodan Mudofaa tizimi radarlari ilg‘amay qolgani aytilgan.

Noma‘lum uchuvchi apparatning Qozog‘iston hududida 15 daqiqa davomida parvoz qilib turgani, uni odamlar mobil telefonlarida videotasvirga olganlari haqida xabar qilingan.

O‘zbekiston tomoni ushbu xabarlar borasida rasman izoh bermagan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.