BBC navigation

"Eron minglab yangi tsentrifugalarni ishga tushirishga tayyor"

Сўнгги янгиланиш 20 феврал 2012 - 15:07 GMT

Yangi tsentrifugalarning Qum shahri yaqinidagi yadroviy inshootda tayyorligi aytilmoqda.

Avstriya poytaxti Vena shahridagi diplomatlardan birining BBCga bildirishicha, Eron Qum shahri yaqinidagi yerosti yadroviy inshootida minglab yangi tsentrifugalarni o‘rnatishga tayyordir.

Ularni ishga tushirsa, Eron yanada ko‘p uranni qisqa vaqt mobaynida boyitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tsentrifugalar yadroviy yoqilg‘i bo‘lgan uran moddasini to‘yintirish jarayonlarini tezlashtiradilar, boyitilgan urandan esa elektr quvvati ishlab chiqaradigan atom elektr stantsiyasida ham, yadroviy qurol yasashda ham foydalanish mumkin.

Diplomat bayonoti bo‘yicha Birlashgan Millatlarning Atom quvvati bo‘yicha agentligi sharh bermagan.

Agentlik nozirlarining shu yaqin kunlarda Eronning yadroviy faoliyatini tekshirish uchun yana Tehronga safar qilishlari mo‘ljallangan.

O‘tgan oy BMT agentligi nozirlari Eronga borishgan, biroq ularga Eronning qator yadroviy inshootlarini borib ko‘rish va mutaxassislar bilan uchrashishlariga izn berilmagan edi.

Eron o‘zining yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko‘zlashini ta‘kidlab keladi, biroq G‘arb davlatlari Eron maxfiy ravishda o‘zining atom bombasini yasash ustida ishlamoqda, degan xavotirdalar.

O‘zining ismi-sharifi e‘lon qilinishini istamagan boshqa bir diplomatning aytishicha, Eronning Qum shahri yaqinidagi yadroviy inshootida bugun elektr quvvati tarqatish tarmog‘i, yangi tsentrifugalar uchun talab qilinadigan tizim tayyor bo‘lgan.

Uch kun ilgari Eron uranni to‘yintirishni tezlashtiradigan yangi tizimini ishga tushirgani haqida e‘lon qilgan edi.

Eron o‘zining yadroviy dasturini Ovro‘po Ittifoqi va Amerika yangi jazo choralarini joriy etganiga qaramasdan yanada rivojlantirishda davom etmoqda.

Yangi jazo choralariga BMTning Atom quvvati agentligining o‘tgan yil noyabr oyidagi xavotirli bayonoti sabab bo‘lgan, unda agentlik "Eron yadroviy qurolni rivojlantirishga o‘xshagan faoliyatni olib borayapti", deyilgan edi.

So‘nggi yangilik Eron bilan bog‘liq taranglik kundan-kunga ortib borayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Bir kun oldin Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Eronning yadroviy intilishlari Yaqin Sharqda yangi yadroviy qurollanish yoki yangi Sovuq Urushi boshlanishiga yetaklashi mumkin, degan ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Ayni paytda Tokioda gapirgan Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak Eronga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirishga chaqirgan.

Yanada qattiqroq choralargina Eronni yadroviy dasturidan voz kechishga majburlashi mumkin, deb aytgan janob Barak hozirgi paytda Eronga qarshi harbiy amaliyotlar kun tartibida emas, degan.

1979 yilgi Eron islomiy inqilobidan keyin ilk bor O‘rta Yer dengiziga Eron harbiy kemalari kirgan, Eron harbiy-dengiz kuchlari rahbari admiral Habibulloh Sayyoriy, bu "tinchlik mujdasi", deb aytgan.

Isroil o‘zining Hindiston, Gurjiston va Tailanddagi elchixonalariga hujumlarda Eronni aybladi.

Bu ayblovlarni esa Eron rad etadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.