BBC navigation

Pokiston: uchuvchisiz uchoq o‘ldirgan jangarilar o‘zbek bo‘lganlar

Сўнгги янгиланиш 17 феврал 2012 - 13:13 GMT

O‘lganlar va yaralanganlarning hammasi o‘zbek jangarilari bo‘lgan

Amerikaning uchuvchisiz uchog‘i Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasiga 16 fevral kuni uyushtirgan hujumlarining tobora ko‘proq tafsiloti ayon bo‘lgan.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, ikki raketa hujumida kamida 21 ta jangari o‘ldirilgan.

Birinchi hujum ertalab soat 8:30 larda amalga oshirilgan.

Amerikaning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i jangarilarning Mironshoh yaqinidagi Spalga qishlog‘idagi qarorgohini nishonga olgan. Xabarlarga ko‘ra,olti kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.

Ikkinchi hujum oradan sakkiz soat o‘tib, Mir Ali viloyatining Hisor qishlog‘ida sodir etilgan.

Ikki raketa harakatlanayotgan avtomobillarga qarab otilgan.

Natijada avtomobilda ketayotgan kamida 15 jangari o‘ldirilgan.

Pokiston rasmiylarining xabariga ko‘ra, o‘lganlar va yaralanganlar hammasi o‘zbek jangarilari bo‘lganlar.

"Avtomobil portlagan. Halok bo‘lganlar tanib bo‘lmaydigan darajada kuyib ketgan", - deb aytgan mahalliy mulozimlardan biri.

"Halok bo‘lganlarning soni yanada ko‘payishi mumkin", - degan u.

Oxirgi hujum Amerikaning uchuvchisiz uchog‘i tomonidan uyushtirilgan hujumi oqibatida "Al-Qoida" tarmog‘ining rahbarlaridan biri Badar Mansur o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib sodir bo‘lgan.

Uchuvchisiz uchoq hujumlari Pokistonda bo‘lib o‘tayotgan mintaqa sammitida Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay va Eron rahbari Mahmud Ahmadinjodning o‘zaro suhbatida ham muhokama qilingan.

Yillar davomida Amerika uchuvchisiz uchoqlari Vaziriston mintaqasiga hujum qilib kelishadi.

Amerika uchuvchisiz uchoqlarda sodir etilgan hujumlarda yuzlab odamlar o‘ldirilgani haqida aslida hisob bermaydi.

"Assoshieyted Press" axborot agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2009 yilda Pokistonda 45 ta raketa hujumi uyushtirilgan.

Barak Obama prezidentligi ostida bu hujumlarning soni 2010 yilda 101 tani tashkil etgani, 2011 yilda 64 marta o‘tqazilgani aytilgan.

Pokistonda raketa hujumlari ortidan keyingi sakkiz yilda 1715 dan 2680 tagacha odam halok bo‘lgani xabar qilingan.

2009 yil avgustida Pokiston shimoliga Amerikaning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i otgan raketa hujumida O‘zbekiston Islomiy Harakatining asoschisi Tohir Yo‘ldosh ham o‘ldirilgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.