BBC navigation

Isroil Dehli va Tbilisidagi portlashlarda Eronni ayblagan

Сўнгги янгиланиш 14 феврал 2012 - 16:34 GMT

Isroil o‘z diplomatik idoralarini nishonga olishda Eronni ayblagan.

Hindiston politsiyasi Dehlidagi Isroil elchixonasi xodimi avtomobiliga portlovchi modda otgan shaxsga nisbatan qidiruv boshlanganini e‘lon qilgan.

Tbilisidagi Isroil elchixonasi avtomobilida ham portlovchi modda topilgani xabar qilingan. Isroil o‘z diplomatik idoralarini nishonga olishda Eronni ayblagan.

Hindiston Ichki ishlar vaziri Chidambaram so‘zlariga ko‘ra, isroillik diplomat avtomobilining orqa o‘rindig‘iga bomba uloqtirgan va so‘ng mototsiklda hodisa joyidan qochib ketgan shaxs "juda yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan" bo‘lgan.

Portlash oqibatida Isroil elchixonasi xodimining rafiqasi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, uning avtomobiliga yaqin joyda bo‘lgan yana ikki kishi jarohatlangan.

Dehlidagi portlash bilan deyarli bir vaqtda Gurjiston poytaxti Tbilisidagi Isroil elchiligiga tegishli avtomobil haydovchisi avtomobil tagida shubhali paketni ko‘rib qolgan va politsiyani chaqirgan.

Avtomobil tagida portlovchi modda zararsizlantirilgan.

Dehli va Tbilisidagi hodisalarda Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyaxu Eronni ayblagan.

Isroil bosh vaziriga ko‘ra, ushbu hujumlarda "Hizbulloh" jangari guruhining qo‘li bor.

Eron rasmiylari ushbu ayblovlarni rad etganlar.

Tailandda ro‘y bergan hodisalarda ham Eron tilga olingan.

Poytaxt Bangkok politsiyasiga ko‘ra, 14 fevral kuni uch portlash ro‘y bergan.

Portlashlarda 4 inson jarohatlangan.

Birinchi portlash Eron fuqarolari ijaraga olgan xonadon yaqinida yuz bergani, ikkinchisida taksiga qarata bomba otilgani, uchinchi hodisada esa politsiyaga qarata bomba uloqtirishga harakat qilgan shaxs oyoqlari ostida portlash ro‘y bergani xabar qilingan.

Og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan shaxs yonidan uning Eron fuqarosi ekanini tasdiqlaydigan hujjat topilganini aytganlar mas‘ullar.

Bangkok va bir kun oldingi hodisalar o‘zaro bog‘liq-bog‘liq emasligi aniq emas.

Isroil elchixonalari atrofida xavfsizlik choralari o‘tgan oy kuchaytirilgan edi.

Bunga Eronning o‘zining yadroviy sohada ishlaydigan mutaxassislariga nisbatan suiqasdlarda Isroilni ayblagani va bunga javoban ehtimoliy hujumlar uyushtirilishi sabab bo‘lgan edi.

BBCning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Gordon Korera yozishicha, Eron yadroviy olimlaridan biri Mustafo Ahmadiy-Ro‘shan uning avtomobiliga mototsikl mingan shaxslar "yopishtiriladigan bomba" o‘rnatib ketganlaridan keyingi portlashda halok bo‘lgan, bu Isroil Mossad josuslik xizmatining amaliyotiga o‘xshashi aytilgan.

Dehlidagi portlash ham mototsiklchi tomonidan uyushtirilganidan uning tashkilotchilari Tehrondagi hujumlarga yarasha javob qaytariladi, degan nomani yo‘llagandek taassurot uyg‘onadi, deydi BBC muxbiri.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.