BBC navigation

Siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning jazo muddati yana 5 yilga uzaytirildi

Сўнгги янгиланиш 25 январ 2012 - 15:23 GMT

Muhammad Bekjonning 12 yillik jazo muddati kelasi oy tugashi kerak edi

Qamoqdagi "Erk" partiyasi faoli Muhammad Bekjon 12 yillik jazo muddati so‘nggida yana 5 yilga mahkum etilgan.

O‘tgan hafta Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi qamoqxonada o‘tgan mahkamada prokuror unga qo‘shimcha to‘rt yarim yil jazo so‘ragandi.

Muhammad Bekjon qamoqxona tartibini buzish va ma‘muriyatga bo‘ysunmaslikda ayblangan.

Muxolifat faoli Dilorom Ishoqovaning himoyachiga iqtibosan bildirishicha, mahkama jarayonida Bekjon o‘ziga qo‘yilgan ayblarni qat‘iyan rad etgan.

Dilorom Ishoqova yangi ayblov muxolifat faolini qamoqdan chiqarmaslik uchun to‘qib chiqarilganini aytadi.

Yaqinlariga ko‘ra, Muhammad Bekjonning jazo muddati kelasi oy nihoyasiga yetishi kerak edi.

Muhammad Bekjon 1999 yil fevralidagi Toshkent portlashlariga aloqadorlikda ayblangan.

Mahkama jarayonida u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va qiynoqqa solinganini aytgan.

58 yoshli Bekjon muxolifat rahbari Muhammad Solihning ukasidir.

Ichki tartib

Muhammad Bekjon ichki tartibni buzgani vajidan jazo muddati uzaytirilayotgan birinchi mahbus emas.

Avvalroq "Erk" partiyasining yana bir faoli Murod Jo‘rayevning qamoqda yangi ayblovlar bilan mahkum etilgani ma‘lum bo‘lgan.

O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati bo‘lgan Jo‘rayev 1994 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, qamoqqa tashlangan.

O‘zbekiston Senatining Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova jazo muddatlarining qasddan uzaytirib qo‘yilayotgani haqidagi davolarni rad etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar qamoqxona ma‘muriyatining noqonuniy xatti-harakatlaridan prokuratura va sudga shikoyat etishlari mumkin.

Ammo kuzatuvchilar amalda bu kabi shikoyatlarning adolatli ko‘rib chiqilishiga shubha qiladilar.

"Davlat jinoyatchilari"

BBC bilan suhbatda Svetlana Ortiqova O‘zbekiston qamoqxonalarida siyosiy mahbuslarning yo‘qligini ta‘kidladi.

"Bizning milliy qonunchiligimizda siyosiy mahbus tushunchasi yo‘q, shuning uchun siyosiy mahbuslar ham yo‘q", - dedi Ortiqova xonim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 159 - modda bo‘yicha mahkum etilganlar "davlatga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar"dir.

Ortiqova xonimning aytishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19 yilligi munosabati bilan qabul qilingan oxirgi amnistiya 5 yanvardan boshlab ijro etila boshlangan.

Uzmetronom nashrining O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga tayanib tarqatgan xabariga ko‘ra, hozirning o‘zida amnistiya 9643 kishiga nisbatan qo‘llangan.

Svetlana Ortiqovaning izoh berishicha, ularning hammasi ham qamoqxonadagi mahbuslar emas.

"Ularning ichida mahbuslar ham, shu bilan birga, tergov va sud jarayonida ozod etilayotganlar shaxslar bor", - deydi Senatning Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi.

O‘zbekiston tarixida siyosiy mahbuslarga nisbatan amnistiya ommaviy ravishda faqat bir marta, 2003 yilda qo‘llanilgan.

O‘shanda 3000 mahbus, jumladan, 391 nafar diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlar ozodlikka chiqarilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.