BBC navigation

Ozari va armani prezidentlari bahsli hudud yuzasidan muzokara o‘tkazmoqda

Сўнгги янгиланиш 23 январ 2012 - 12:27 GMT

Tog‘li Qorabog‘ Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi eng bahsli mavzu hisoblanadi

Rossiyaning Qora dengiz bo‘yidagi Sochi shahrida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida ikki kunlik tinchlik muzokaralari boshlangan.

Uchrashuv chog‘ida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari o‘rtasida tinchlik bitimi kelishuviga erishishga harakat qiladi.

Ikki mamlakat bahsli Qorli Qorabog‘ mintaqasi yuzasidan chiqqan tortishuvlar sabab 20 yildan buyon urush holatida turibdi.

1994 yilda imzolangan otashkesimga qadar o‘n minglab insonlar halok bo‘lgandi.

Ammo mazkur otashkesimiga to‘liq rioya etilmaydi. Otishmalarda ikkala tomondan ham askarlar davomli halok bo‘lib turishadi.

Lekin ushbu sammitning muvaffaqiyatli nihoya topishiga umid oz, deydi Tbilisidagi BBC muxbiri Damiyen MakGinnes.

Uning aytishicha, xavotir shundaki, bu otashkesimni idora qilish mushkul va yo davomiyligini kafolatlash qiyin.

Buning sababi bir yondan ozari va armani prezidentlarining tobora ochiqroq aytishuvlari bo‘lsa, boshqa bir tomondan, Xalqaro Inqiroz Guruhidan Laurens Shitsning aytishicha, ikkala tomonda ham harbiy kuchlarning tobora ko‘proq yig‘ilayotganidir.

"Bugungi kunda Ozarbayjon Armanistonning yillik byudjetidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ni o‘z armiyasi va qurol-yaroqlarini takomillashtirishga sarflamoqda. Besh yildan keyin urush juda qimmatga tushinini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki ungacha Ozarbayjon yaxshigina qurollanib olgan bo‘ladi. Bugun xatar shundan iboratki, yo u va yo bu tomon hozir ziddiyat uchun vaqt yetildi deb hisoblaydi, chunki keyinroq vaziyat o‘zgarishi va ayni tomon o‘ziga zarar yetadi deb hisoblaydi," - deydi Laurens Shits.

Dushanba kuni Rossiya vositachiligida o‘tadigan muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi muammolarga barham beradi deyish mushkul. Ikkala tomon ham murosaga tobi yo‘qligini namoyish etmoqda.

Ayrimlar esa Rossiyaning o‘zi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishiga qarshi deb hisoblaydi.

Ozarbayjonlik siyosatshunos Arastun Orujliga ko‘ra, hozir Boku va Yerevan o‘rtasidagi "muzlatilgan" qarama-qarshilik Moskva uchun ayni muddaodir.

Ushbu ziddiyatni ko‘rsatib Rossiya qo‘shinlarini mintaqada ushlab turishi mumkin bo‘ladi.

Eron bilan bog‘liq nozik vaziyat manzarasida bu Kreml uchun muhim bir omil.

"Rossiyadagi siyosiy vaziyat barqaror emas, shuning uchun ham Rossiya mintaqada siyosiy va yo boshqa o‘zgarishlarni istamaydi. Rossiya Janubiy Qovqozda azaliy manfaatlarga ega, bu bilan agar Eronda nimadir ro‘y bersa, ayni beqarorlik mintaqaga o‘tmasligini kafolatlashi zarur. Rossiya mintaqani o‘zining geosiyosiy manfaatlari doirasida ko‘radi", - deydi Arastun Orujli.

1990 yillarning boshlarida Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi yuzasidan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida kelib chiqqan urush qariyb 30000 insonning yostig‘ini quritgan edi.

Bugun har ikkala tomonning zamonaviy qurol yaroqlarga egaligi nazarda tutilsa, har qanday harbiy to‘qnashuv o‘ta jiddiy va salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.