BBC navigation

CPJ: "AQSh Belarusda toqat qilmagan narsasini O‘zbekistonda dastaklamoqda"

Сўнгги янгиланиш 12 январ 2012 - 13:38 GMT

Amerika Prezidenti Barak Obama o‘tgan hafta avtoritar rahbari Aleksandr Lukashenko o‘z muxoliflari va tanqidchilarini qamoqqa tiqishda davom etayotgan Belarusga qarshi sanktsiyalarni kengaytirishni ko‘zda tutuvchi hujjatni imzoladi, deb boshlanadi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining yangi bayonoti.

Aleksandr Lukashenko so‘nggi ta‘qiblarini qallobliklarga botgani aytilgan va o‘zi to‘rtinchi bor g‘olib chiqqan 2010 yilgi prezidentlik saylovlaridan bor-yo‘g‘i bir necha soat o‘tib boshlagandi. Ammo o‘sha qatag‘onlar hanuz davom etmoqda, deydi xalqaro tashkilot.

Xalqaro qo‘mitaga ko‘ra, Belarus o‘tgan hafta "qora ro‘yxat"iga tushgan veb sahifalarga kirishni cheklash bilan matbuot ustidan nazoratini yanada kuchaytirgan.

Dushanba kuni esa, Ichki ishlar idorasi qarshisida norozilik aktsiyasi uyushtirgan shaxsni tasvirga tushirganligi uchun mustaqil jurnalist Minsk mahkamasi tomonidan qamoq jazosiga hukm etildi.

AQSh prezidenti imzolagan qonun esa, Ovro‘poning so‘nggi diktatori deb ko‘riluvchi Aleksandr Lukashenkoni qamoqdagi muxoliflarini ozod etish va matbuotga qarshi qatag‘onlarini to‘xtatishga undashni ko‘zda tutadi.

Yangi hujjatga muvofiq AQSh vizasi berilishi taqiqlangan repressiyalarda qo‘li bor Belarus mulozimlarining ro‘yxati ham kengaytiriladi.

Bundan tashqari, Amerika ma‘muriyatidan Belarusdagi internet tsenzurasini kuzatib borishi va tuzumga sotilgan har qanday qurol-yarog‘ borasida AQSh Kongressini xabardor qilishni talab etadi, deb davom etadi bayonot.

Ammo ovro‘polik diktator va uning mulozimlari AQSh tomonidan xush ko‘rilmayotgan bir paytda, uning o‘zbekistonlik hamkasbi prezident Islom Karimov Barak Obama ma‘muriyati tomonidan o‘ta iliq qarshi olinmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi:

"Hech qanday geosiyosiy yoki harbiy manfaatlar bu kabi repressiv tuzum bilan hech qanaqangi qo‘llovchi telefon qo‘ng‘iroqlari va do‘stona qo‘l siqishishlarni oqlamasligi lozim..." "

Sobiq Kommunistik firqa rahbari bo‘lmish Karimov referendumlar va soxtalashtirilgan saylovlar ortidan, 1989 yildan buyon O‘zbekistonni uzluksiz ravishda boshqarib keladi. 2005 yilgi Andijon qirg‘ini ham uning boshqaruvi davrida yuz bergan va ushbu shafqatsizliklar haqida xabar berganliklari uchun Karimov tuzumi mustaqil matbuotni deyarli yo‘q qilgan, deydi xalqaro qo‘mita.

O‘z ish faoliyati uchun beshta jurnalistni qamoqqa tashlagan O‘zbekiston qalam ahlini mahkum etish bo‘yicha Ovrosiyoda yetakchi davlatlardan biri. O‘tgan yil noyabr oyiga qadar O‘zbekiston prezidentining o‘z jiyani, jurnalist Jamshid Karimov ham ixotalab qo‘yilgan edi. U 2006 yil sentyabr oyida ko‘chadan olib ketilgan va biror bir tibbiy tashxis yoki mahkama qarorisiz, ruhiy xastaliklar kasalxonasiga majburan yotqizilgandi, deb davom etiladi bayonotda.

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbek rahbarining mavqei Lukashenkonikidan shafqatsizroq va diktatorroq ekaniga oid misollar bir talay.

O‘zbekistondagi inson huquqlarining toptalish hollariga majburiy bolalar mehnati, o‘zboshimcha hibsga olishlar, mahbuslarning qiynoqqa solinishi, advokatlarning qo‘rqitilishi va inson huquqlari faollarining qamoqqa tashlanishi, matbuot va internetning to‘liq davlat nazorati ostida ekani, O‘zbekistonda qolayotgan so‘nggi xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti - "Human Rights Watch"ning ham chiqarib yuborilishi kiradi. Bularning barchasi O‘zbekistonga "avtoritar davlat" bahosi berilgan AQSh Davlat Departamentining 2010 yilgi hisobotida tilga olinadi. Biroq o‘tgan sentyabr oyida janob Karimov Barak Obamadan iliq telefon qo‘ng‘irog‘i oldi va AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton oktyabr oyida Toshkentga qilgan safari chog‘ida inson huquqlari sohasida "erishayotgan yutuqlari" uchun uni olqishladi, deydi qo‘mita.

Shundan so‘ng, bayonotda e‘tibor o‘tgan sentyabr oyida O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq abgor vaziyat sabab AQSh Kongressi tomonidan turli ko‘rinishdagi yordamlarga qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlangani, (EurasiaNet xabariga tayanib) Pentagon foydalanib bo‘lingan harbiy jihozlarni O‘zbek rejimiga berishni rejalayotgani va Afg‘onistondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlariga texnik, harbiy va boshqa turdagi dastaklarni ko‘rsatishda roli kuchaytirilayotganiga qaratiladi.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi:

"AQSh ma‘muriyati bir narsani anglab yetishi shart - u ham bo‘lsa, xos suhbatlari chog‘ida prezident Karimovni tanqid qilishsa-da, barcha mustaqil matbuotning ovozi o‘chirilgan mamlakatda ularning hech biri muzokaralar xonasidan chetga chiqmasligidir..." "

Ammo Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasiga ko‘ra, hech qanday geosiyosiy yoki harbiy manfaatlar bu kabi repressiv tuzum bilan hech qanaqangi qo‘llovchi telefon qo‘ng‘iroqlari va do‘stona qo‘l siqishishlarni oqlamasligi lozim.

Xalqaro tashkilotning urg‘ulashicha, Vashingtondagi siyosatchilar prezident Karimov bilan ish olib borish va uning armiyasini jihozlantirish bilan repressiyalarda o‘zlari ham ishtirok etayotganliklarini anglab yetishlari shart.

Karimov 2005 yildagi Andijon hodisasi misolida allaqachon butun dunyoga G‘arbdan olgan qurollari va treyningi bilan armiyasi va maxsus kuchlari nimalar qilishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi, deb davom etiladi bayonotda.

Jurnalistlarni Himoya qilish qo‘mitasi AQSh ma‘muriyati bir narsani anglab yetishi shart deydi - "u ham bo‘lsa, xos suhbatlari chog‘ida prezident Karimovni tanqid qilishsa-da, barcha mustaqil matbuotning ovozi o‘chirilgan mamlakatda ularning hech biri muzokaralar xonasidan chetga chiqmasligidir".

Tashkilotning bayonoti, "Belarusga qarshi sanktsiyalarni ko‘zda tutuvchi yangi qonun tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan amerikalik kongressmen Kris Smiz (Chris Smith), "Ushbu jazo choralari bilan Belarus xalqi bilan birgalikda ularning zulmkor hukumatlariga qarshi turamiz", deydi. Ammo mustabidlariga qarshi turishda kim O‘zbek xalqining yonida turadi?, degan savol bilan yakunlanadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.