BBC navigation

Prezident Karimov KXShTning norasmiy sammitida ishtirok etadi

Сўнгги янгиланиш 14 декабр 2011 - 05:28 GMT

O‘zbekiston rasmiy doiralarga yaqin Uzmetronom.com veb sahifasining yozishicha, Prezident Islom Karimov shu yilning 19-20 dekabr kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan KXShTning norasmiy sammitida qatnashadi.

Ushbu tashkilotda juda ehtiyotkorona harakat qiluvchi O‘zbekiston bungacha ikki marotaba Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan sustkashlikda ayblandi va u tashkilotdan chiqarish taklifini o‘rtaga tashladi.

Moskvadagi norasmiy sammitda tashkilotga a‘zo davlatlarning Kreml tomonidan o‘rtaga tashlangan yagona iqtisodiy guruhga kirish taklifiga ayrim davlatlarning aynan ushbu sammit doirasida javob berishi kutilmoqda.

Uzmetronom.com sayti Karimov Moskvaga tashrifi davomida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasidagi hamkorlik borasida o‘zining munosabatini bildirishi mumkinligini yozadi.

Bu o‘z navbatida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko tomonidan O‘zbekistonning ishtiroki borasida bildirilgan tanqidlarga javob bo‘lishi aytilmoqda.

Matbuotda O‘zbekistonning KXShT tarkibidagi bundan keyingi ishtiroki savol ostiga olina boshlagan. O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Moskvadagi uchrashuvda Belarus rahbarining O‘zbekistonni tashkilotdan chiqarish taklifi ko‘tarilishi mumkinligini aytadi. Lekin, tashkilotning tashabbuskori Rossiya bu taklifga sovuqqon munosabatda bo‘lishi mumkin.

- O‘ylaymanki, Moskva bu tashabbusga sovuqqongina munosabatda bo‘ladi. Ya‘ni, bir tomondan Moskva mana shunday pozitsiya aytilishining tarafdori, ammo maqsad O‘zbekistonga informatsion siyosiy bosim o‘tkazish, O‘zbekistonni tezda bu tashkilotdan chiqarib yuborish emas, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, agar O‘zbekiston ushbu tashkilotdan chiqib ketadigan bo‘lsa, KXShTning Markaziy Osiyodagi barcha loyihalari murakkab ahvolga tushib qoladi.

Qozog‘istonlik tahlilchi Do‘sim Satpayev O‘zbekistonni ushbu tashkilot doirasida qoniqtirmaydigan bir necha jihatlar borligini aytadi.

Shulardan biri Moskva tomonidan oldinga surilgan tashkilot a‘zolari tomonidan yagona siyosiy bayonotlar berish taklifidir.

Ammo, ikkinchi tomonidan Afg‘onistondan AQSh qurolli kuchlarining 2014 yilda olib chiqib ketilishi Karimovni ushbu tashkilotdan butkul chiqib ketishdan saqlab turadi.

"Albatta bu borada Toshkent ham o‘ziga xos e‘tibor bildirmoqda. Chunki, ekstremistik-terrorchi tashkilotlar, Tolibon radikal qismining faollashuv xavfi bor. Toshkent o‘zining xavfsizligini ta‘minlash borasida turli hamkorlarni izlashga harakat qiladi", - deydi Do‘sim Satpayev.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonning ushbu tashkilot faoliyatida faollashmasligini va chiqib ham ketmasligini bashorat qilishmoqda. Do‘sim Satpayevga ko‘ra, O‘zbekiston KXShTdagi ishtiroki davomida g‘arbning tiz cho‘kib kelishi maqsadida bir instrument sifatida ushlab turgan.

- Hozir g‘arb O‘zbekistonga nisbatan Afg‘oniston mavzusi sabab xayrixoh munosabatda bo‘lmoqda. Shu sababdan, Islom Karimov KXShTdagi ishtirokini qisqartirdi va sammitlarda ham qatnashmaslikkacha borib yetdi. Aslida, bu juda jiddiy muammo, - deydi Do‘sim Satpayev.

Moskvada bo‘lib o‘tadigan sammit davomida Moskva tomonidan taklif etilgan yagona iqtisodiy hududga kirish taklifiga ham aniq javob aytilishi kutilmoqda.

Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston ushbu kelishuvni imzolashdan bosh tortgan va o‘z qarorini yil oxirigacha bildirishni ma‘lumlagandi.

O‘zbekistonlik tahlilchi Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistoning iqtisodi bunday integratsiyalarga tayyor emasligini aytadi.

"Chegaralar yopiqligi sabab narxlar ushlab turilibdi, narxlarning pastligi sabab ijtimoiy barqarorlik ushlab turilibdi. Agar chegaralar ochiladigan bo‘lsa, xomashyo bazasi, valyuta oqimlari chetga chiqib ketishi mumkin. Chunki, Qozog‘iston va Rossiyada narxlar ancha yuqori. Shu orqali O‘zbekistonda murakkab bir vaziyat paydo bo‘lishi mumkin. Lekin, integratsion loyihalarda albatta ishtirok etish kerak. Biroq bunga O‘zbekiston tayyorlanishi lozim, buning uchun ma‘lum islohatlar va yillar kerak bo‘ladi", - deydi Kamollidin Rabbimov.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.