BBC navigation

Qozog‘iston: Hijoblarini yechishdan voz kechgan talabalar mahkamaga murojaat etishmoqchi

Сўнгги янгиланиш 9 декабр 2011 - 12:19 GMT

Qozog‘istonning Oqto‘ba shahrida hijoblarini yechmaguncha, darsga qo‘yilmasliklari aytilgan sakkiz talaba o‘z huquqlarini himoya etish uchun mahkamagacha borishlarini aytishmoqda.

Saktag‘an Baishev universiteti talabalarining aytishlaricha, naq qishki sessiya arafasida o‘zlarini ikki tanlov qarshisida qoldirishgan.

Ularga ko‘ra, universitet mulozimlari yo hijoblarini yechish va yo umuman mashg‘ulotlarga kelmaslik talabini qo‘yishgan.

Talabalarning aytishlaricha, o‘zlarini, hattoki, universitet ostonasiga ham yaqinlashtirishmayotir.

Ayon bo‘lishicha, ular to‘rt kundan beri tahsillarini davom etdira olishmayapti.

Universitet mulozimlarining qat‘iy talablariga qaramay, talabalar hijoblarini yechishdan voz kechishgan va huquqiy yordam so‘rab, faollarga murojaat etishgan.

Ulardan biri Qozog‘istonning mahalliy KTK televizion kanaliga bergan suhbatida hijobda yurish mamlakat konstitutsiyasiga zid emasligini bayon qilgan.

"Qozog‘iston konstitutsiyasiga muvofiq, biz o‘zimiz istagan qiyofada yurishga haqlimiz. Chunki dinimiz bizga ular istagandek qilib, bo‘yinlarimizni ochib yurishga izn bermaydi", deb aytgan Aydana Gaukeshova.

Huquqiy yordam

Xabarlarga ko‘ra, talabalarning murojaatlariga yaqinda o‘zi ham "diniy" mojarolar girdobida qolgan yurist Ag‘isbek Tulegenov labbay, deb javob bergan.

U ham diniy liboslarda yurish masalasida universitet mamlakat konstitutsiyasiga rioya etmayotganligini aytgan.

Universitet ma‘muriyati esa, o‘z ichki tartib-qoidalariga rioya etayotganliklarini aytish bilan kifoyalangan, xolos.

Talabalar muzokaralari ish bermasa, mahkamaga shikoyat arizasi bilan chiqishlarini ham bayon qilishgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, talabalardan biri allaqachon prokuraturaga ham murojaat qilgan.

Qonun nima deydi?

"Bu - mamlakat konstitutsiyasiga qarshi. Menimcha, jamoatchilikni jalb etgan holda, bu kabi voqealarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim" "

Murat Telebekov

Agar Qozog‘iston konstitutsiyasi nazarga tutilsa, unda fuqarolarning hech bir cheklovsiz istagan dinga e‘tiqod qilishlari kafolatlangan.

Qozog‘istonda yaqinda qabul qilingan "Diniy faoliyatlar va birlashmalar" to‘g‘risidagi qonunda esa, hijob yoki diniy liboslar haqida so‘z bormaydi.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, aynan ana shu qonunning qabul qilinishi manzarasida mamlakatda tashqi ko‘rinishiga qarab, odamlarni hibsga olish, soqol va hijoblilarga qarshi ta‘qiblar kuchaygan.

Yangi qonun loyihasi Qozog‘iston rahbarining o‘z mamlakatida diniy ekstremizmning kuchayib borayotganiga oid xavotirlariga javob sifatida ko‘rilgandi.

Dinga oid yangi qonun qabul qilinishidan oldin Qozog‘istonda ilk bor xudkushlik amaliyoti va huquq-tartibot organlariga qarshi hujumlar kuzatilgandi.

Shu yil may oyida Oqto‘ba shahridagi Milliy xavfsizlik idorasi ham hujumga tutilgandi.

Qozog‘istonning 16.5 million aholisidan 70 foizi musulmon hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy eng taraqqiy etgani aytiluvchi qozog‘istonlik mulozimlar so‘nggi paytlarda mamlakatda radikal islomning kuchayishidan tashvishga tushib qolishgan.

Bunga aholisi zich va qashshoqlashib qolgan Farg‘ona vodiysiga tutash mintaqaning qolgan uch davlati – Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistondagi ayni muammo bilan bog‘liq vaziyat sabab ekani aytiladi.

Munosabat

Qozog‘iston Musulmonlar uyushmasi vakili Murat Telebekovning biz bilan suhbatida aytishicha, talabalar bilan yuz bergan hodisa ularga qarshi yaqqol diskriminatsiyadir.

"Bu - mamlakat konstitutsiyasiga qarshi. Menimcha, jamoatchilikni jalb etgan holda, bu kabi voqealarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim", deydi u.

Uyushma vakiliga ko‘ra, bu kabi hodisalar so‘nggi paytlarda Qozog‘istonning markazdan olis hududlarida kuchayib bormoqda.

Murat Telebekovning aytishicha, bunga keng ildiz otgan rasmiyatchilik va qog‘ozbozlik hollari sababchidir.

Unga ko‘ra, o‘z diniy huquqlari toptalayotgan insonlar mahkamaga chiqishlari, advokatlardan yordam so‘rashlari, ommaviy-axborot vositalari, jamoat arboblari va parlament a‘zolariga murojaat etishlari lozim.

"Menimcha, hijob masalasida, hatto, hukumatdagilarning o‘zida ham yakdil bir fikr yo‘q", deydi u.

Qozog‘iston Musulmonlar uyushmasi vakiliga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, musulmonlar o‘z huquqlarining himoyasi yo‘lida dadil kurashishlari lozim.

Janob Telebekov uyushmalarining tajribasiga tayanib, o‘zlariga ham shunday mazmundagi shikoyat bilan chiqqanlarga aniq yordam bera olishlarini aytadi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.