Сўнгги янгиланиш 30 ноябр 2011 - 13:29 GMT

Prezident Nursulton Nazarboyev "Qozog‘iston qahramoni" bo‘ladi

Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov rasman prezident Nursulton Nazarboyevga "Qozog‘iston qahramoni" unvoni berish taklifi bilan chiqqan.

Xabarlarga ko‘ra, janob Masimov o‘z tashabbusini qozoq hukumatining kechagi yig‘ini chog‘ida o‘rtaga tashlagan.

Hukumat a‘zolari uning taklifiga bir ovozdan rozi bo‘lishgan.

Qozog‘iston Adliya vaziri Rashid Tusubekov bu xususda mamlakat qonunchiligiga tuzatishlar kiritilishini ham aytgan.

"Davlat mukofotlari" to‘g‘risidagi qonunga kiritilajak o‘zgartirishlar allaqachon mamlakat parlamenti Oliy palatasi - senat ixtiyoriga havola etilgan.

Ammo so‘z aynan qanday tuzatishlar haqida ketayotgani ma‘lum emas.

Tarixiy xizmatlari uchun...

Hukumat yig‘inida bayon qilinishicha, "Mustaqil Qozog‘istonning rivojlanishida tutgan tarixiy roli uchun" prezident Nazarboyevni ushbu unvonga loyiq, deb topishgan.

1993 yilda joriy etilgan "Qozog‘iston qahramoni" unvoni - mamlakatdagi eng oliy mukofot sanaladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Qozog‘iston rahbariga ushbu unvon mamlakat mustaqilligining 20 yilligi sanasida, ya‘ni 16 dekabr kuni rasman topshiriladi.

2010 yilda Qozog‘iston parlamenti prezident Nazarboyevni "Millat rahnamosi" maqomi bilan ham siylagandi.

O‘tgan yaqin yillar ichida qator xorijiy tashkilotlar va ayrim alohida davlatlar Qozog‘iston rahbarining nomzodini Nobel Tinchlik mukofotiga ham ilgari surib kelishadi.

"Qozog‘iston qahramoni"

Ushbu unvon fuqarolarning Qozog‘iston oldidagi mislsiz xizmatlari, fuqaroviy va harbiy jasoratlari uchun beriladi.

Unga loyiq, deb topilgan insonlarga Oltin yulduz va Vatan ordeni topshiriladi.

Shu paytgacha mamlakatda bor-yo‘g‘i uch kishi - uchuvchi-fazogir Talgat Musabayev, bastakor Nurgis Tlendiyev va akademik Muxtor Aliyevlar "Qozog‘iston qahramoni", deb topilishgan.

"Davlat mukofotlari" to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, mazkur mukofot hukumat, parlament, turli davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining taklifi bilan prezident tomonidan beriladi.

Yaqinda prezident Gurbanguli Berdimuhammedov "Turkmaniston qahramoni", deb topilgandi.

Nursulton Nazarboyev

Ko‘plab kuzatuvchilar qozoq rahbarining mustaqillik ortidan tutib kelayotgan neytral tashqi siyosatini alohida urg‘ulashadi.

Qozog‘iston prezident Nazarboyev boshchiligida 2010 yilda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ham raislik qilgandi.

Rasmiy Ostona Qozog‘istonda demokratik islohotlarni amalga oshirish va‘dasi bilan ushbu maqomni qo‘lga kiritgandi.

Ammo qator inson huquqlari faollari janob Nazarboyevning boshqaruvi avtoritar va nodemokratik ekanini aytib kelishadi.

Qozog‘istonda matbuot erkinligi hamon abgor ahvolda, ko‘plab siyosiy faollar ta‘qib ostida va ularni hibsga olish hollari ham tez-tez uchraydi.

Nursulton Nazarboyev sobiq Sho‘rolar Ittifoqining so‘nggi kunlaridan boshlab, qariyb chorak asrdan buyon Qozog‘istonni boshqarib keladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.