
Rossiyada 1 milliondan ortiq tojikistonlik mehnat qiladi
Tojikistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, poytaxt Dushanbe, shuningdek, Xo‘jand va Qo‘rg‘ontepa shaharlarida Rossiyadan badarg‘a qilingan noqonuniy mehnat muhojirlariga yordam ko‘rsatish markazlari tuzilgan.
Aziya-Plyus agentligining Tojikiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligiga iqtibosan xabar berishicha, ushbu markazlarda mehnat muhojirlariga shoshilinch ruhiy ko‘mak hamda ularning ish topishlariga yordam beriladi.
Vazirlikdagi manba‘ning bildirishicha, yangi tashkil etilayotgan markazlarda, shuningdek, sobiq mehnat muhojirlariga vatanlarida o‘z bizneslarini ochish uchun kichik kreditlar olishda yordam ko‘rsatiladi.
Moskva bo‘lmasa Minsk?
Ayni paytda tojikiston hukumati qoshidagi Muhojirlik boshqarmasi boshlig‘i Safiallo Devonayev Tojikiston Rossiyadan qaytarilgan mehnat muhojirlarini Belarusga jo‘natishni rejalayotganini ma‘lum qilgan.
Tojikistonni yo‘qotish bilan Rossiyaning geosiyosiy ustunligi yanada kamayadi
Suhrob Sharipov, Tojikiston prezidentining maslahatchisi
Dushanbeda muhojirlik muammolariga bag‘ishlangan anjumanda gapirgan janob Devonayev jamoatchilikni muhojirlar masalasida tinchlantirishga uringan.
"Fuqarolarimizning Rossiyadan deportatsiya qilinishidan xavotir olmanglar. Biz ularni to‘plab, Belarusga yuboramiz", deb aytgan mulozim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida shu yilning oktyabrida imzolangan hukumatlararo bitim muhojirlarga Belarusda ish topish imkonini beradi.
Mulozimning ayniqlik kiritishicha, muhojirlarni Belarusga yuborish jarayoni kelasi yildan boshlanadi.
Ayni paytda Tojikiston prezidentining maslahatchisi Rossiya o‘z uchuvchilari bilan bog‘liq mojaro sabab, Tojikistonni boy berishi mumkinligini aytgan.
"Tojikistonni yo‘qotish bilan Rossiyaning geosiyosiy ustunligi yanada kamayadi", - deb aytgan Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori Suhrob Sharipov.
Raqamlar
Tojik rasmiylariga ko‘ra, oxirgi besh kun mobaynida Rossiyadan 57 nafar Tojikiston fuqarolari chiqarib yuborilgan.
Tojikiston hukumati qoshidagi Muhojirlik boshqarmasining bildirishicha, ulardan 14 nafari Rossiyada vaqtinchalik yashash tartibini buzganliklari uchun mahkama qarori bilan deportatsiya qilinganlar.
Ushbu muhojirlarning 14 nafari poyezd bilan Xo‘jand shahriga, 2 nafari esa uchoqda poytaxt Dushanbega yetib kelishgan.
Tojik mulozimining aytishicha, yana 43 nafar Tojikiston fuqarolari Rossiya tashqarisiga chiqarib yuborilgan.
Rossiyadagi tojik mehnat muhojirlari tashkilotlariga ko‘ra, 11 noyabrdan buyon 1500 nafar tojikistonlik mehnat muhojiri qo‘lga olingan.
Ammo Rossiya Federal muhojirlik xizmati boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy tojik fuqarolarining ommaviy ravishda hibsga olinayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
"Raqamlar bilan muomala qilganda ehtiyot bo‘lish kerak, ularning ortida anqi odamlar turibdi", -deb aytgan Rossiya mulozimi.
Siyosiy mojaro
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan hafta tojik mahkamasi biri rossiyalik, ikkinchisi esa eston fuqarosi bo‘lgan uchuvchilarni kontrabandada aybdor, deb topib, sakkiz yarim yillik qamoq jazosiga mahkum etganidan so‘ng yomonlashib ketgan.
Prezident Medvedev uchuvchilarning hukm etilishi bilan noqonuniy muhojirlarning chiqarib yuborilishi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini aytgan.
Payshanba kuni Rossiya parlamentining quyi palatasi - Duma o‘z majlisida uchuvchilarning taqdiri yuzasidan bayonot qabul qilishi kutilmoqda.
Kremlparast "Yagona Rossiya" partiyasi Tojikiston bilan vaqtinchalik viza tartibi joriy etish taklifini ilgari surgan.
Ayni paytda tojik muhojirlik boshqarmasi mulozimlaridan iborat hay‘at muhojirlar atrofidagi vaziyatni muhokama etish uchun Moskvaga yo‘l olgani xabar qilingan.
Tojikiston muhojirlik xizmatiga ko‘ra, hozirda Rossiyada 1 million 32 ming 600 nafar tojik fuqarosi istiqomat qilmoqda.