Сўнгги янгиланиш 24 октябр 2011 - 15:31 GMT

Tony Blairning Qozog‘istonga maslahatlari bebahomi?

Britaniyada nashr etiladigan nufuzli ro‘znomalar mamlakatning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr Qozog‘iston hukumatiga iqtisodiy islohotlar hamda Qozog‘istonni G‘arbga qanday taqdim etish borasida maslahat berishi haqida yozishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Britaniyaning sobiq Leyborist bosh vaziri hukumatdaligi paytida o‘zi bilan birga ishlagan taniqli shaxslar Alister Kempbell i Djonatan Pauelldan iborat guruh tuzgan. Ularning vazifasi Qozog‘iston rahbariyatiga maslahat berishdan iborat.

Britaniya Bosh vaziri va u yetakchilik qilayotgan guruhning Qozog‘istonga berajak maslahati, Ostonadagi hukumat mulozimi aytmoqchi, haqiqatdan ham bebaho-mi? Suhbatdoshimiz Londondan tahlilchi Jon Makkarti.

Jon Makkarti: Toni Bleyr beradigan maslahat Qozog‘iston prezidentiga deyarli bebaho ekaniga ishonchim komil. Toni Bleyr boshchiligidagi guruhning o‘zi Qozog‘iston iqtisodiyotini yoki uning siyosiy tuzumini isloh eta olmaydi. Ammo bu guruh Qozog‘istonga dunyoga o‘zini qanday taqdim etish zarurligi va dunyoga taniqli davlat arboblari bilan aloqa qilishda qanday mexanizmlardan foydalanish lozimligi bo‘yicha maslahat berishga qodir deb hisoblayman. Bu ishlarni amalga oshirishda Toni Bleyr va uning safdoshlari Qozog‘iston hukumatiga lobbi guruhi sifatida xizmat qilishi mumkin. Ular dunyo sahnasida Qozog‘istonni aytilayotganidan yaxshiroq mamlakat ekaniga ishontirishga harakat qilishadi.

BBC: Qozog‘iston Toni Bleyrdan siyosatga va iqtisodiyotga taalluqli qanday maslahatlarni olishi mumkin?

Jon Makkarti: Toni Bleyr yillar davomida xalqaro siyosiy mavzular bilan ishlash bo‘yicha ustasi farangga aylandi. Misol uchun, uni Qo‘shma Shtatlarda haliyam juda hurmat qilishadi. U shuningdek u Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yaqin Sharqning ba‘zi nuqatlarida obro‘ga ega. Umuman olganda, u qudratli siyosiy va moliyaviy davralarga ta‘sir kuchini o‘tkaza oladigan shaxsdir. Albatta, Toni Bleyr Qozog‘istonga iqtisodni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihani taqdim etmaydi. Lekin, Qozog‘iston hukumatini qiziqtirgan jihat uning targ‘ibot yurgizish qudrati va shaxsiy aloqalaridir.

BBC: Hozir Qozog‘iston dunyoning rivojlangan 50 mamlakati ro‘yxatiga kirdi. Lekin, Qozog‘iston ham, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari singari avtoritar, so‘z erkinligi cheklangan va muxolifat siquvga olingan mamlakat hisoblanadi. Toni Bleyr uchun Ostona rasmiylari bilan ishlash qanchalar oson bo‘ladi?

Jon Makkarti: Siz bu yerda siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotdagi farqlarni to‘g‘ri ko‘rsata bildingiz. Lekin, rivojlanish - rivojlanish deganda siz nimani nazarda tutishingizga bog‘liq. Qozog‘iston iqtisodiy jihatdan va aholi jon boshiga olinadigan daromad hisobiga taraqqiy etayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo Qozog‘istonning siyosiy jihatdan erishgan yutuqlari bilan umuman maqtana olmaysiz. Oxirgi yillarda olingan yuzaki qarorlarga qaramasdan, Qozog‘iston haliyam bir kishi idora qilgan, avtoritar davlatligicha qolmoqda. Lekin, Toni Bleyr boshchiligidagi jamoani Qozog‘istonni demokratlashtirish masalasi unchalik qiziqtirmaydi. Bu guruh, eng avvalo, o‘zi uchun moliyaviy imtiyozlardan bahramand bo‘lish maqsadida Qozog‘istonga ko‘z tikkan. Shuning uchun ikkala tarafga ham birgalikda ishlash juda oson bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘rtada ziddiyat bo‘lmaydi, chunki bu yerda Qozog‘iston hukumati mushtariy bo‘lsa, Toni Bleyr guruhi Qozog‘iston obro‘sini ko‘tarishga intilgani uchun hamyonini to‘ldirishni o‘ylab ish tutadi.

BBC: Va nihoyat, Ostona bergan millionlab dollar mablag‘ o‘zini oqlaydimi?

Jon Makkarti: Agarda Toni Bleyr hay‘ati ega bo‘lgan aloqalarni inobatga olsak, Ostonaga millionlab dollar mablag‘ni sarflash juda arzon garovga tushadi. Bu yerda muhimi shaxsiy aloqalarning qanday rivojlanishiga bog‘liq. Men Toni Bleyr janoblari hozirgacha Qozog‘istonga safar qilgan va ko‘plab qozoq rasmiylari bilan uchrashgan deb ishonaman. Shunday ekan, menimcha, shaxsiy munosabatlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, gap endi xalqaro sahnada Qozog‘iston hukumatiga qudratli guruh tomonidan yaxshi xizmat ko‘rsatilishiga va buning samarasini olishga qoldi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.