Сўнгги янгиланиш 18 май 2011 - 11:06 GMT

"Amerikaga o‘lim!" yoki Afg‘oniston shimolida O‘IH faollashmoqda-mi?

Taxor viloyati O‘zbekiston va Tojikiston chegaralariga yaqin minataqada joylashgan

Afg‘oniston shimolidagi Taxor viloyati markazi Taloqan shahrida 1000 dan ziyod odam namoyish o‘tkazib, chorshanbaga o‘tar kechasi mintaqada qurolli reyd o‘tkazgan NATO harbiylarini javobgarlikka tortishni talab qilganlar.

Taloqanda yurish qilgan namoyishchilar "Amerikaga o‘lim!" deb qichqirganlar.

Ularning da‘vo qilishicha, NATO reydida oddiy fuqarolardan ikki ayol doxil to‘rt odam halok bo‘lgan.

NATO esa harbiy amaliyotda to‘rt isyonchi o‘ldirilgani va yana ikki shaxs hibsga olinganini aytgan.

Namoyishchilar Taloqandagi NATO qarorgohiga hamla qilishga urinishlari ortidan ular va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan va natijada kamida bir namoyishchi halok bo‘lgan.

Viloyat hokimi Abdul Jabbor Taqvoning ma‘lum qilishicha, NATO harbiylari Taloqan atrofidagi Gavmal mintaqasidagi bir xonadonga hamla qilishar ekan ikki nafar erkak va ikki nafar ayol o‘ldirilgan.

Abdul Jabbor Taqvo mazkur amaliyot haqida NATO mahalliy hokimiyatni xabardor etmaganini aytgan.

NATO tungi reyd haqida bir bayonot tarqatib, to‘rt shaxs o‘ldirilganini tasdiqlagan, biroq qurbonlar reydga qurolli qarshilik ko‘rsatganini aytgan.

U amaliyot "afg‘on va ittifoq xavfsizlik kuchlari" tomonidan ittifoq siyosatiga muvofiq uyushtirilganini aytgan.

NATO tungi amaliyotlarning barchasini afg‘on qo‘shinlari bilan birgalikda o‘tkazishga rozilik bildirgan.

Mintaqadagi muxbirlarning ma‘lum qilishlaricha, Afg‘onistondagi isyonkorlar orasida ayollar bor esa-da, nihoyatda kam uchraydi.

Ittifoq kuchlari bayonotida qo‘shimcha qilinishicha, ayollardan biri o‘t ochar qurolda NATO askarlariga hamla qilishga uringan payti halok etilgan.

Ulardan ikkinchisi esa to‘pponcha bilan qurollangan bo‘lgan va uydan qochayotgan mahali xavfsizlik xodimiga quroli bilan o‘qtalgan.

"Amerikaga o‘lim!"

Chorshanba kuni ertalab Taloqan shahrining Gavmal mintaqasida yuzlab odam to‘planib, halok bo‘lgan to‘rt shaxs tobutlariini ko‘targan holda shahar markazi tomon yura boshlashdi, deydi mahalliy jurnalistlardan biri.

Ular "Amerikaga o‘lim!", "Karzayga o‘lim!" deya hayqirganlar.

Viloyat hokimi Abdul Jabbor Taqvo yurishda taxminan bir yarim ming odam ishtirok etganini aytgan.

Ammo olomon orasidan ba‘zilar do‘konlarni talay boshlashi va NATOning Taloqandagi kichik bazasiga hamla qilishga urinishi ortidan yurish zo‘ravonlik tusini olgan.

Shahar politsiyasi olomonni tinchlantirishga urindi, deb aytdi Abdul Jabbor Taqvo.

Taloqanning bir necha mahallasida otishma ovozlari eshitilgan va NATO qarorgohidagi qo‘shinlar ularga hamla qilishga uringan olomonni tarqatish uchun osmonga qarata o‘q uzganlar.

Taloqan shahar shifoxonasi shifokori Abdul Holiq Nesoriy bir shaxs boshiga tekkan o‘qdan shahar shifoxonasida olamdan o‘tganini aytgan.

Uning ma‘lum qilishicha, shifoxonaga o‘qdan jarohatlangan yana ikki odam keltirilgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati faollashmoqda-mi?!

NATOga ko‘ra, chorshanbaga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reyddan maqsad O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan ishlagan shaxsni tutish bo‘lgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati so‘nggi paytlarda mintaqada nihoyatda faollashgan.

NATOning da‘vo qilishicha, hadafga olingan shaxs qurol-yaroq savdosi va xudkush hujumchilar uchun portlovchi moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullangan.

Biroq uning halok etilgani yoda qo‘lga olingani ma‘lum emas.

"Amaliyot jarayonida xavfsizlik kuchlari fuqarolar xavfsizligini ta‘minlashga urindi," deyiladi NATO bayonotida.

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar so‘zchisi, general Josef Blatz esa BBC bilan suhbatda NATO va afg‘on kuchlari tomonidan o‘tkazilgan mushtarak amaliyot "aniq istixborot ma‘lumotlari"ga asoslanganini aytgan.

"Xonadon isyonchilar markazi bo‘lganiga shubha yo‘q," deb aytgan general Josef Blatz.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.