Сўнгги янгиланиш 12 май 2011 - 15:34 GMT

Qozog‘iston qamoqxonalarida qanday tartib amal qiladi?

Qozog‘iston jazoni o‘tash muassasalarida sobiq Sho‘rolar davlatlariga xos bo‘lgan tartib amal qilishi aytiladi.

Qamoqxonalardagi bunday sharoit va tartibdan qoniqmagan mahbuslar so‘nggi vaqtlarda norozilikning turli usullarini qo‘llashmoqda.

Ochlikdan tortib, o‘z tanasiga zarar yetkazish usullarini qo‘llayotgan mahbuslar o‘zlariga nisbatan kuch ishlatishdan tortib, tahqirlash holatlari ko‘pligini da‘vo qilishadi.

Rasmiylarning esa bu borada qarashlari umuman teskari.

Baxitxan Jumaxanovning 3 yillik jazoni o‘tab chiqqaniga 5 kundan oshdi, ammo u hali ham qo‘rquv his qilayotganini aytadi. Qozog‘istonning janubidan bo‘lgan bu yigit jazoni o‘tash uchun shimoldagi muassasaga yuborilgan.

Aynan janublik bo‘lgani uchun uni qamoqxona nozirlari kamsitib, kaltaklashadi.

“Murojaatlarim besamar ketdi. Yozgan shikoyatlarim muassasadan hattoki chiqmasdi ham. Ushbu tahqirlashlar to‘xtashi uchun qornimni kesdim. Shu taxlit noroziligimni bildirdim," deydi sobiq mahbus Baxitxan Jumaxanov.

Baxitxan qamoqdan chiqqan kuni 30 dan ortiq mahbus sharoitdan va munosabatdan nolib, ochlik e‘lon qildi. Hozir ushbu ish bo‘yicha surishtiruv ishlari ketmoqda.

Yana bir sobiq mahbus ismi o‘zgartirilgan Alekseyning aytishicha, jazoni o‘tash muassasalaridagi beboshlik haddidan oshib ketgan. Bir kunda muttasil ikki marotaba kaltaklab turishadi. Belgilangan o‘lponni bermaganlar yoki bo‘ysinmaganlarni besaqolbozga aylantirish bilan qo‘rqitishadi.

“Mening o‘zimni ham bir necha marotaba shimimni yechishib, jinsiy zo‘rlashmoqchi bo‘lishgan. Seni “faol” qilamiz deb qo‘rqitishgan. Faollar mahbusni jinsiy zo‘rlashadi, nozirlar esa qarab turadi, “Faol” deganda, mana shu nazarda tutiladi," deydi Aleksey.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, jazoni o‘tash muassasalaridan shikoyatlarning keti ko‘rinmaydi.

“Zo‘ravonlik va ta‘magirlik bo‘yicha daraklar to‘xtamay kelib turibdi. Bugun ham menga Atirau koloniyasidan etap qilinayotgan ayollar bir necha bor qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular kuch ishlatishdan shikoyat qilishdi," deydi huquq himoyachisi Vadim Kuramshin.

Qozog‘iston Adliya vazirligiga qarashli Jinoiy jazoni ijro etish tizimi qo‘mitasi vakili Samal Gadilbekova jazoni o‘tash muassasalaridagi noroziliklarni provokatsiyadan boshqa narsa emas, deydi.

“Mahbuslar tomonidan so‘nggi vaqtlarda sodir etilayotgan noroziliklarning hammasi provokatsiya. Birinchidan, ular mahbus, ular jazo uyiga oddiy yo‘l bilan tushib qolmagan. Ikkinchidan, qamoqxonalarda dahshatlar sodir bo‘ladigan Sho‘ro yoki Stalin davrida yashayotganimiz yo‘q. Biz mustaqil davlatda yashayapmiz va inson huquqlari hamma joyda himoya qilinmoqda," deydi Samal Gadilbekova.

Kuzatuvchilar mahbuslarning shikoyat qilish uchun o‘zlariga ziyon yetkazishdan boshqa yo‘llari qolmayotganini aytishadi. Ularning shikoyatlarini eshitib, jazo qo‘llovchi mas‘ullar yo‘q.

Garchi 2003 yilda Jinoyat Kodeksiga zo‘ravonlik bo‘yicha alohida band kiritilgan bo‘lsa-da, ushbu jazo qamoqxona nozirlarini cho‘chita olmayapti.

“Men rahbariyatdan zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilganlar bormi, deya so‘radim. Hech qanday javob bo‘lmadi. Vazifasini su‘istemol qilish hollari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan bor. Har bir xodimga Jinoyat Kodeksida zo‘ravonlik uchun mana shunday og‘ir jazo borligi yetkazilmagan," deydi Majlis deputati Irak Yelikeyev.

Qozog‘iston jazoni o‘tash muassasalarida 66 mingdan ortiq mahbus bor. Mahbuslarning ko‘pligi jihatidan Qozog‘iston 2010 yil dunyoda 13-o‘rinni egallagan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.