Сўнгги янгиланиш 1 ноябр 2010 - 14:52 GMT

Qozog‘iston: Tojikiston fuqarosi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Qamoqxona

Qozog‘istonda boshpana izlayotgan asli Tojikiston fuqarosi bo‘lmish millati o‘zbek Umarali Abdurahmonov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

2004 yilda O‘zbekiston tomonidan diniy tashkilotlar tuzish aybi bilan qidiruvga berilgan Umarali Abdurahmonov Tarazdagi tergov izolyatirida 5 oydan beri o‘ziga qochqinlik maqomi berilishini kutib turgan edi.

Umarali Abdurahmonov 30 oktyabr kuni ekstraditsiya qilingan, ammo uning yaqinlari ushbu xabarni faqat bugun tasdiqlata olishgan.

Umarali Abdurahmonovning singlisi Mo‘‘tabar Sulaymonova akasining Migratsiya Qo‘mitasidan qochqinlik maqomi berilishini kutib turganini aytadi.

"Qochqinlik maqomini olishni kutib turgan bir vaqtda Ostonadan akamga ichki faks orqali rad javobi kelgan. Bu rad javobining ustidan yana 15 kun shikoyat qilish uchun muxlat berilishi kerak edi. Buni Qozog‘iston hukumati kutmasdan rad javobi kelishi bilan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan," deydi Mo‘‘tabar Sulaymonova.

Tarazda Umarali Abdurahmonovning ishi bilan shug‘ullangan Qozog‘iston inson huquqlari va qonunga amal qilish byurosi yuristi Ruslan Xalidov uning O‘zbekistonga yuborilganini tasdiqladi, ammo bu borada biror izoh bera olmasligini aytdi.

"Shanba kuni eksdtraditsiya qilishdi. Hozir hech narsa ayta olmayman," deydi yurist Ruslan Xalidov.

Ushbu byuroning Olma otadagi vakili Denis Jivaga Abdurahmonovning ishi borasida endi batafsil ma‘lumot olayotganlarini aytdi.

"Uning O‘zbekistonga yuborilganini biz ham bugun bildik. Abdurahmonovni shanba kuni ekstraditsiya qilib yuborishgan ekan. Biz Migratsiya qo‘mitasining qochqinlik maqomi bermaganligi borasida shikoyat yozdik, qo‘mita yana rad javobini berdi va keyin uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilib yubordi. Ya‘ni Abdurahmonovga mahkamaga murojaat qilish imkonini bermadi. Boshqa tomondan mahkamaga murojaat qilish uchun unga advokat lozim edi, unga advokat tayinlash masalasi bilan esa hech kim shug‘ullanmadi," deydi Denis Jivaga.

Abdurahmonovning singlisi Mo‘‘tabar Sulaymonovaning aytishicha, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan akasi 2004 yilda O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan, Tojikistondagi tergov izolyatirida 2 oy o‘tirgach, aybi tasdiqlanmay ozodlikka chiqariladi.

"Ozodlikka chiqqanidan so‘ng, akam Rossiyada ishlab, tirikchilik qilib yurdi. Oxirgi marta Rossiyadan uyiga kelib, Qirg‘izistonda to‘qnashuvlar bo‘lgani uchun Qozog‘iston orqali Rossiyaga ketmoqchi bo‘ladi. Shunda Qozog‘iston chegarachilar tomonidan qidiruvda borsan, deya ushlanadi. Besh oydan beri hibsda o‘tirgan edi," deydi Mo‘‘tabar Sulaymonova.

Olma otadagi qochqinlar 3 iyun kuni Abdurahmonovga nisbatan hibsxonada qiynoqlar qo‘llanayapti, uni BMTning Qochqinlar bilan ishlash komissarligi himoyasiga olsin, deya namoyishga chiqqan edilar.

Bugunga kelib ushbu boshpana izlovchining himoyasini so‘raganlar ichida bo‘lgan 28 kishi Olma ota hibsxonalarida yotibdi. Ularning taqdiri hanuz noma‘lumligicha qolmoqda.

Yurist Denis Jivaga ko‘ra, ularning taqdiri ham Abdurahmonov singari imi-jimida ekstraditsiya bilan tugash ehtimollari ham yo‘q emas.

Qozog‘istondagi o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning ishi Qozog‘iston hukumati qo‘liga o‘tganidan beri ikkinchi odam O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Bungacha, yaqinlarining iddoa qilishlaricha, biror marta ham O‘zbekistonda bo‘lmagan qirg‘izistonlik Xurshid Komilov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.